Dauletbay Utemuratov: “Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikdan manfaatdormiz!” Yoshlar ittifoqi faoli hokimdan intervyu oldi!

Yoshlar ittifoqining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mudiri Furqat Yusupov Qorao‘zakka borib, tuman hokimi Dauletbay Utemuratov bilan suhbatlashdi. Mavzu: Hokim yoshlarga yangi yilda qanday imkoniyatlar yaratib bera oladi?

Suhbat avvalida hokim dastavval tumanda bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

— 2017-yilda 4 ta obyektda 2,5 milliard so‘mlik rekonstuksiya va ta’mirlash ishlari olib borildi. Jumladan, «Qorao‘zak» OFY markazidagi 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi, «G‘arezsizlik guzari» MFYdagi 2-sonli MTM, «Qorako‘l» OFYdagi 6-sonli MTM ta’mirlandi.

Yoshlar ittifoqi faoli 2018-yilda Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilishi haqida so‘raganida, hokim quyidagicha javob berdi:

— Bu yil tumanimizda 10 MTM quramiz. Hozirgi paytda bitta bog‘cha tayyor. Shuningdek, 5 bog‘chani “0” bahoda sherikchilik asosida berishga tayyorlayapmiz, 1 ta bog‘chani xonadonda tashkillashtirishni rejalashtiryapmiz. Hozircha 7 tasi aniq bo‘lib ulgurdi.

2018-yilda tumanda Baxt uyi qurishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, yopiq basseyn qurib, yoshlarga topshiramiz.

U yerda 8 turdagi sport to‘garaklari ish boshlaydi.

Eng muhimi, biz hokimlar, asosan yoshlar uchun ishlaymiz. Ularning bandligini ta’minlash, turli imtiyozlar yaratish, iqtidorini qo‘llab-quvvatlash... Bularning barchasi tumanning salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Xalq turmushidan rozi bo‘ladi. Biz, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikdan manfaatdormiz!