“Eng faol yosh ichki ishlar organi xodimi” ko‘rik-tanlovi bo'lib o'tdi
Bugun yurtimizda yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, orzu intilishlari amalga oshishiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi tomonidan yoshlar masasalari sohasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolangan bo‘lib, “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan. Ushbu Dasturda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishiga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh mutaxassislarni aniqlash, kasbiy mahoratini va bilim darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, “Eng faol yosh ichki ishlar organi xodimi” ko‘rik-tanlovi Vazirlik markaziy apparatida faoliyat olib borayotgan yosh xodimlar o‘rtasida o‘tkazildi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, dastlab ishtirokchilardan 100 metr masofaga yugurish, to‘sinda tortinish va qo‘l jangi usullari bo‘yicha sinovlar qabul qilindi.
Yosh xodimlarning bilim saviyasi, kasbiy mahorati, chet tilllarini va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qay darjada bilishi, ayniqsa tizim faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi takliflari, innovatsion g‘oyalari, bundan tashqari qonunchilikdan xabardorligi, ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlari va o‘qigan badiiy asarlari bo‘yicha tushunchalari Hakamlar hay’ati tomonidan alohida-alohida tarzda baholab borildi.
Tanlovga taqdim etilgan materiallar, yosh xodimlarning kasbiy va jismoniy mahorati, ular bilan o‘tkazilgan suhbat va savol-javoblar natijasiga ko‘ra, IIV JQBB katta tezkor vakili mayor Boymurodov Bahrom Sanaqulovich g‘olib deb topildi.

Faxrli ikkinchi va uchinchi o‘rinlar IIV Yuridik ta’minlash boshqarmasi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori katta serjant Valijonov Daler Dilshodovich va IIV Akademiyasi bo‘lim boshlig‘i mayor Botayev Murod Djumanshiqovichlarga nasib etdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov g‘oliblari hamda musobaqalarda faol ishtirok etgan 12 nafar yosh xodimlarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar tantanali tarzda topshirildi.

- Ushbu tanlov IIV tizimida yosh xodimlar bilan olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, xodimlarni ommaviy sportga jalb etish borasidagi sa’y harakatlar va asosiysi yosh xodimlarning o‘z ustida ishlab, xalq manfaatlari yo‘lida fidoylik va sadoqat bilan xizmat qilishga bo‘lgan intilishlari yuqori ekanligining amaldagi ifodasi bo‘ldi, - deydi IIV Yoshlar ittifoqining Yetakchilar kengashi raisi Xurshid Ro‘ziyev.
“Eng faol yosh ichki ishlar organi xodimi” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichini iyun oyi oxirida o‘tkazish hamda g‘olib va sovrindorlarni “Yoshlar kuni” bayramida taqdirlash rejalashtirilgan.
- Qo'shildi: 06.06.2018
- Ko'rishlar: 23
- Chop etish