Farg‘onadagi ilmiy anjuman doirasida yosh olimlar Onkologiya dispanseri, azot zavodi va FarDUda bo‘lishdi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Respublika yosh olimlar Kengashi a’zolari hamda Farg‘ona viloyatining bir guruh yosh olimlari ishtirokida “Republikamiz yosh olimlarining ilmiy-tadqiqot faoliyatlarini loyihalashtirish” mavzusidagi hududiy anjumani tashkil etildi.

Farg‘ona viloyatida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, ilmiy va innovatsion yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlari bo‘yicha taklif va tavsiyalarni o‘rganish kabi ustuvor vazifalarni o‘zida jamlagan anjuman viloyat yoshlari tomonidan ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Hududiy anjuman doirasida dastlab ishtirokchilar Farg‘ona shahridagi Onkologiya dispanserida bo‘lishdi. Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda tashkilotning maqsad va vazifalari, faoliyati hamda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, yosh olimlar “Farg‘ona azot ishlab chiqarish birlashmasi” DAK bo‘lishdi. Sayyor ekskursiya davomida korxonada yosh olimlar hayotga tadbiq qilingan loyihalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Korxonada bugungi kunda 7,5 ming nafar ishchi-xodimlar mavjud bo‘lib, ularning 70% dan ziyodini yoshlar tashkil etadi.
Ular tomonidan doimiy tarzda ilmiy yangiliklar ustida amaliy ishlar olib borishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Endilikda ikki tashkilot o‘zaro hamkorlikda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashda amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishi belgilab olindi.

Anjuman kunning ikkinchi yarmida ham o‘z ishini qizg‘in davom ettirdi.
Ishtirokchilar uchun Farg‘ona davlat universitetida texnika va tibbiyot sohalaridagi dolzarb mavzular bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi.
— Seminarlardan asosiy maqsad — respublikamizda ilmiy tadqiqot ishlanmalari va modellariga ega bo‘lgan yosh tadqiqotchilarning faoliyatini ommalashtirish, hamda ilmga qiziquvchi yoshlar auditoriyasini yanada kengaytirish hisoblanadi, — deydi, Sirojiddin Nasriddinov. —Namoyish etilgan yosh tadqiqotchilarning texnologik modellari seminar-trening ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Seminar yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi hamda kelgusida Farg’ona viloyatida ilmiy-tadqiqot izlanishlarini olib borayotgan yosh olimlar va Respublika yosh olimlar Kengashi o‘rtasida hamkorlik qilishga zamin yaratildi.
- Qo'shildi: 16.11.2017
- Ko'rishlar: 14
- Chop etish