Faridaga tikuv mashinasi sovg‘a qilindi

“Yoshlar- kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida respublikamiz bo‘ylab ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Buxoro viloyati Kogon tumanida ham mazkur dastur doirasida o‘rganilgan taklif va muammolar yuzasidan qator chora-tadbirlar olib borildi.

Xususan, tumandagi 9-ishchi guruh vakillari xonadonlarda bo‘lib, yoshlarning ijtimoiy ahvolini o‘rganib chiqdi va iqtisodiy yordamga muhtoj, kam ta’minlangan oila vakillari bilan yaqindan suhbatda bo‘lishdi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, tumandagi “Siyoz-poyon” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Farida Saidova yosh bo‘lishiga qaramasdan, 3 nafar imkoniyati cheklangan yaqinlarining yagona boquvchisi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Otasi, onasi, akasini parvarishlash bilan band bo‘lgan qizning zimmasida ro‘zg‘orni tebratishdek mas’uliyat ham borligi ishchi guruh a’zolarini o‘ylantirib qo‘ydi.

Faridaning tikuvchilik hunariga anchagina uquvli ekanligini inobatga olib, unga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashi va tuman Adliya boshqarmasi tomonidan zamonaviy tikuv mashinasi sovg‘a qilindi.

Endilikda Farida ham tikuv sexi tashkil etib, atrofdagilarga xizmat ko‘rsatishi va tengdoshlariga ham tikuvchilik sirlarini o‘rgatishi mumkin.