“Fuqarolar qabulxonasi”: Davlat maslahatchisi yoshlar va ularning vakillarini qabul qildi

Sir emaski, bugun har qanday davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi isbot talab qilinmaydigan me’zonga aylandi. Xalqning manfaatini himoya qilish asosiy vazifa ekanligi bois, yoshlar tashkilotida ham “Fuqarolar qabulxonasi” xodimlaridan tashqari Kengash raisidan boshlab barcha o‘rinbosarlar fuqarolarning murojaatlarni qabul qilish bo‘yicha kunlik reja ishlab chiqilgan.

Bugun ham O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev tashkilotning “Fuqarolar qabulxonasi”ga murojaat qilgan yoshlar, ularning vakillarini qabul qilib, muammo va takliflarni tingladi.

Fermerlik faoliyatini yuritish uchun yer maydoni ajratish, ishga joylashish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishga tiklash, yoshlarga bag‘ishlangan kitoblarni nashr etishda moddiy ko‘mak, farzandlariga moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning talablari qondirilishi bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tuzildi.

Afsuski, ularning orasida ota-onasining bevaqt sudlanganligi tufayli IIB akademiyasiga qabul qilinmayotgan yigit-qizlar ham murojaat qildi...

Shu bilan bir qatorda fuqarolar yosh kadrlarni saralab olish mexanizmi, yoshlar masalasida takliflar, yoshlarga turli grantlar ajratish, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Eng muhimi, bugun xoh u mansabdor shaxs bo‘lsin, xoh davlat xizmatchisi — pirovard maqsad — xalqning manfaatlariga xizmat qilish.

Bu borada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ham umid va ishonch bilan kelgan har qanday fuqaroni noumid qilmaydi.

Qahramon Quronboyev bugun fuqarolarni rahbar sifatida emas, kimgadir aka, kimgadir uka, kimgadir o‘g‘il, kimgadir og‘a bo‘lib, ularning dardi, tashvishi, orzu va umidlarini tingladi. Nafaqat tingladi, balki aksariyatini ijobiy hal etilishi bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgiladi. Amaliy natijalarni nazorat qilishni shaxsan zimmasiga oldi.

Siz ham o‘zingizni qiynayotgan muammo girdobidan chiqolmayapsizmi, yordam berishga doim tayyormiz!