Germaniya tajribasi: Yoshlar tashkiloti 100 dan ortiq yo‘nalishda faoliyat yuritib, 42 ta uyushmani birlashtirgan

O‘zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga safari davom etmoqda.

Kuni-kecha Drezden shahrida Saksoniya federal yeri parlamenti Ijtimoiy masalalar bo‘yicha qo‘mita raisi Adrey Vent (Andre Wendt) Fan, ta’lim, ommaviy axborot vositalari va sport masalalari qo‘mitasi raisi Volf Rosht (Wolf Rosht) hamda Saksoniya federal yeri Bolalar va yoshlar kengashi raisi Venke Trumpold (Wencke Trumpold) bilan uchrashdi.

Saksoniya federal yeri hududida ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Saksoniya federal yeri parlamentidagi uchrashuvda hududdagi yoshlarga oid siyosati haqida batafsil ma’lumot olindi.

Shuningdek, Parlamentning Bolalar va yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi faoliyati o‘rganildi. Federal hudud aholisi 4 mln.ni tashkil etib, mahalliy byudjeti 18 mlrd. yevrodan iborat.

Byudjetning 17 foizi bolalar va yoshlar masalalarini hal etishga yo‘naltiriladi. Parlament komissiyasi yoshlar hayotida uchraydigan muammolarni muntazam tahlil etib, Hukumatga tegishli tavsiyalar berib boradi.

Federal hududda yoshlarning barcha qiziqish va intilishlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun turli yo‘nalishlardagi loyihalarni joriy etish orqali o‘ziga xos maydon yaratilgan. Bu o‘z navbatida jamiyatda uyushmagan yoshlar qatlami yuzaga kelishining oldini oladi.

Suhbat davomida Saksoniya federal yeri parlamenti o‘z hududida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga, ularni muntazam qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratishini bildirdi.

Saksoniya federal yeri Bolalar va yoshlar kengashi nodavlat tashkiloti hisoblanib ta’lim, san’at, sport, ekologiya, o‘rmonlarni asrash kabi 100 dan ortiq yo‘nalishlarda faoliyat olib boradigan jami 42 ta uyushmani o‘zida birlashtirgan. Kengash ular faoliyatini muvofiqlashtirib boradi, yangi yo‘nalishlarda loyihalarni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar beradi.

Bolalar va yoshlar kengashi raisi Venke Trumpold O‘zbekiston bilan yoshlarga oid davlat siyosatini yuritish borasidagi tajribalarni o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi.

Kelgusida xalqlarimiz madaniyati va manfaatlariga xizmat qiladigan o‘zaro qo‘shma loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishildi.

Shuningdek tarixiy shaharlar Samarqand va Drezden o‘rtasida yoshlar turizmini rivojlantirish yuzasidan Memorandum imzolash orqali aloqalarni mustahkamlash istagi bildirildi.