Hindistonda yoshlarning takliflari boshqaruvda o‘z aksini topmoqda!

19-dekabr. Safar kundaligining sakkizinchi kuni! Erta tongdan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi a’zolari rahbar kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan Hindiston menejment institutining kampusiga tashrif buyurishdi.

Delegatlar dunyo bo‘ylab o‘z tinglovchilariga ega bo‘lgan, mamlakat bo‘yicha 17tadan ziyod filiallari mavjud mazkur kampusning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Ular uchun biriktirilgan mas’ullar institut faoliyati bo‘yicha kengaytirilgan taqdimot o‘tkazishdi.

Ushbu ta’lim muassasasining tinglovchilari Hindiston hukumatiga dolzarb masalalar bo‘yicha loyiha va takliflarni doimiy berib borishlari hamda ular boshqaruvda o‘z aksini topganligi alohida ta’kidlandi.

Institutning tashkiliy tuzilmasi, qoshidagi yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi faoliyati delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi hamda mazkur sohada O‘zbekistondagi amaliyot bilan ham institut mas’ullari tanishtirildi.

Qolaversa, delegatsiya a’zolari va institut mas’ullari o‘rtasida turli masalalarda ochiq muloqot tashkil etildi. Hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Tinlovchilarning kampusdagi hayoti va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha ma’lumotlar almashinildi.