Ilk bor Yoshlar yetakchisi bitta sinfni to‘liq otaliqqa oldi!

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Davlat Maslahatchisi-O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev aholini ijtimoiy-ma’naviy kayfiyatini o‘rganish, yoshlar muammolariga imkon qadar amaliy ko‘mak berish maqsadida Paxtaobod tumanining chekka-chekka mahallalarida bo‘lib, xalq bilan ochiq muloqot qilmoqda.

O‘rganish davomida tumandagi umumta’lim maktablari, akademik litseylar hamda kasb-hunar kollejlari o‘quvchi-talabalari bilan suhbatlar tashkil etilmoqda.

Bugun ham erta tongdan tumandagi 6-umumta’lim maktabi faoliyati o‘rganildi.

Yoshlar yetakchisi maktabda o‘quvchilar uchun yaratib berilgan sharoitlar, ta’lim sifati bilan yaqindan tanishdi. O‘quvchilar bilan samimiy muloqot qilib, kelajakdagi rejalari haqida so‘radi. Ayrim muammolariga yechim berdi.

Ayniqsa, 8-“A” sinf o‘quvchilari bilimga chanqoqligi, islohotlardan xabardorligi bilan Yoshlar yetakchisining e’tiborini tortdi.

Yetakchi o‘quvchilarga 30 ta badiiy kitob sovg‘a qildi. Sharti — o‘quvchilar ularni 30 kunda o‘qib bo‘lishi kerak. O‘qigan asarlari yuzasidan poytaxtda Yoshlar yetakchisi ularning har biri bilan badiiy asarlardan olgan taassurotlari yuzasidan suhbatlashadi. Pirovardida, ularning Toshkentga sayohati ham tashkil etiladi.

Muloqot davomida ushbu sinf o‘quvchilarining huquqiy fanlarga qiziqish inobatga olinib, 8-“A” sinfi namunali huquqshunoslik sinfi sifatida tashkil etiladigan bo‘ldi.

O‘quvchilar uchun 1 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi, proyektor hamda huquqiy targ‘ibot materiallari sovg‘a qilindi.

O‘quvchilar yanada yaxshi o‘qishga, Yoshlar ittifoqining faol a’zosi sifatida kelajakda fidoyi mutaxassis bo‘lishga va’da berishdi.

Muloqotlar davom etmoqda.