Ilk marotaba yoshlar MXX muzeyiga tashrif buyurdi!
Kuni-kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda viloyat Milliy xavfsizlik xizmati hamkorlikda bir guruh sirdaryolik yoshlarning poytaxtga tashrifini tashkillashtirdi.
Yoshlar kunning birinchi qismida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati muzeyiga tashrif buyurdi.
Muzey 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda 1917-yildan to hozirgi kunga qadar bo‘lgan xavfsizlik xizmatiga oid tarixiy ma’lumotlar saqlanib kelinmoqda.
Muzey 5 ta xonadan iborat.
Tarix kitoblarida keltirilgan ma’lumotlarning real hujjatlari bilan tanishish yoshlarga ijobiy ma’noda ta’sir etdi.
Vatanga bo‘lgan chin muhabbat tufayli o‘z jonlarini xalqi ostoyishtaligi uchun qurbon qilgan yurtdoshlarimizning nomi tarix zarvaraqlarida zarhal harflar bilan muhrlanganining guvohi bo‘lishdi.
Ularning ibratli hayot yo‘llari o‘sib kelayotgan barkamol avlodga ham ruhan, ham ma’nan namunadir.
Kunning ikkinchi yarmida sirdaryolik yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufidagi “Kitob olami” do‘koniga borishdi. Hayratlari yanada oshdi. Yoshlar o‘zlari sevgan asarlarni mutolaa qilishib, mushoira tashkil etishdi.
Bunday zamonaviy, shinam va ko‘rkam kitob do‘konida istalgan kitoblarini topa olgan yoshlarning quvonchlari cheksiz.
- Qo'shildi: 23.01.2018
- Ko'rishlar: 25
- Chop etish