Imkoniyati cheklangan bolalarning onalari uchun respublika bo‘ylab maxsus maktablar ochiladi!

Avval xabar berganimizdek, imkoniyati cheklangan yoshlar qatlamini, jumladan, nogiron, ko‘zi ojiz, eshitish qobiliyati cheklangan, muomala layoqatiga ega bo‘lmagan yoshlar manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi o‘z ishini Andijon viloyatidan boshlagan edi.

Markaz direktori uzoq yillardan buyon nafaqat san’at sohasida, balki imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar bilan ishlash tajribasiga ega O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva boshchiligidagi ishchi guruh Paxtaobod tumanidagi 30 dan ortiq xonadonlarda bo‘lib, 1000 nafarga yaqin aholi bilan bevosita suhbatlar olib bordi.

— Imkoniyati cheklangan bolalar onalarining sabri, iroda va matonati oldida bosh egaman. Nogiron bola dunyoga kelgan oilada, to‘g‘risi, onaga qiyin. Har daqiqasini umid bilan o‘tkazadigan onalarga haykal qo‘ysang arziydi. Yurtimizda ham ana shunday onalar uchun maktab tashkil etishni niyat qilgan edim, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi koshida tashkil etilgan markaz xodimlari bilan Andijonning Paxtaobod tumanida 3 kunlik maxsus dastur asosida aholi o‘rtasida amaliy tajriba ishlarini tashkil etish bilan birga, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun maxsus to‘garaklar ham ochishni rejalashtirdik, — dedi Ra’no Shodiyeva. — O‘ylaymanki, loyiha qator ijobiy natijalarni ko‘rsatadi.

Eng muhimi, aholi, xususan imkoniyati cheklangan yoshlar ushbu e’tibordan mamnun bo‘lishdi. Hayotga qarashlari o‘zgardi.

Ochiq muloqotlar davom etadi.