Ittifoqning ko‘magi bilan buxorolik 96 ta yosh oila Yangi yilni o‘z xonadonida kutib oladi!

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi 250-sonli qaroriga muvofiq, yosh oilalarga imtiyozli ipoteka krediti asosida zamonaviy loyiha bo‘yicha bunyod etilgan "Yoshlar uylari" foydalanishga topshirilmoqda. Bugun shunday marosimlardan biri Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tdi.

Buxoro shahridagi uchta ko‘p qavatli 64 xonadondan iborat, Kogon shahrida bitta ko‘p qavatli 32 xonadondan iborat "Yoshlar uylari"ning tantanali ochilishiga bag‘ishlangan marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar ishtirok etdi.

Unda viloyat hokimi O‘.Barnoyev hamda Ittifoqning viloyat Kengashi raisi Z.Komilov so‘zga chiqib, xonadon egalarini yangi uylar bilan qutlashdi.

"Yoshlar uylari" bilan taqdirlangan yoshlar orasida Osiyo, jahon olimpiadalari chempionlari, fan olimpiadalari g‘oliblari, shuningdek, yuksak natijalarga erishgan turli soha vakillari hamda Yoshlar ittifoqining haqiqiy fidoyilari bor.

Xonadonlarda yashovchi oilalar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

Endi ular Yangi yilni ilk marotaba o‘z xonadonlarida kutib olishadi!