Jomda eski masjid va aholi tomida saqlanayotgan "xazina" aniqlandi!

 

Topilma Yoshlar ittifoqining “Fidoyi yoshlar ekspeditsiyasi”ni qiziqtirib qo'ydi...

Eski masjid kutubxonaga aylantirilishi mumkin!

Nurobod tumani Jom qishlog‘idagi eski masjidning ta’mirlash ishlari jarayonida tokcha tagidan gazetaga o‘ralgan kitoblar va qo‘lyozmalar topildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi tashabbusi bilan tarixchi olim Faxriddinxo‘ja Ashrafxo‘jayev boshchiligida O‘zbekiston Milliy universitetidan manbashunos olimlar chaqirtirildi. Olimlar kitoblarni nechinchi asrga tegishli ekanligini aniqlashdi.

Faxriddinxo‘ja Ashrafxo‘jayev boshchiligidagi "Fidoyi yoshlar ekspeditsiyasi" a’zolari topilma kitoblarni o‘rganishga kirishdi.

Manbashunos olimning ta’kidlashicha, topilma kitoblar Ahmad Yassaviyning "Devoni hikmatlari", Tajvid qoidalari, Qur’on oyatlari, Payg‘ambarlar tarixi, Abdurahmon Jomiy va Amir Temurning bobokaloniga tegishli asarlar ekan.

Sho‘rolar davridan eson-omon saqlash maqsadida turli usullar yordamida shunday durdona asarlar ehtiyot qilingan.

Mavhum tuyulgan kitoblarning nomlari tezda aniq bo‘lganini ko‘rgan aholi ekspeditsiya a’zolarini uylariga taklif qilishdi. 1937-yilda tavallud topgan Mavlon bobo Jabborov, 71 yoshli Zeboxon Quddusova shular jumlasidan.

— Biz Qudratova Zubayda opaning tomida saqlanayotgan bir sandiq nodir asarlarni o‘rganishga kirishdik,— deydi "Fidoyi yoshlar ekspeditsiyasi" a'zolari. Sandiq ichida nodir asarlar saqlanayotgan ekan.

Suvonov Luqmon ota va Qudratova Zubayda ayalarning xonadonidan chiqgan bir sandiq kitoblarga mutaxassislar tomonidan birma-bir sharx berib o‘tildi.

Ular sandiqda Fiqh, Tafsirotul Solofiy, Arab tili lug‘ati, Amir Temurning ona tarafidan bobolari shayx G‘iyosiddin asarlari va Motrudiyning Kalomi imomiyasining 2 jildi saqlanayotganligini ma'lum qilishdi.

Yana bir xonadonda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining "Fidoyi yoshlar ekspeditsiyasi" tadqiqotni davom ettirdi. Qabrdan topilgan qo‘lyozmalar Yoshlar ittifoqi tomonidan tadqiq qilindi.

Jom qishlog‘ida yashovchi arxeolog ham o‘z topilmalari bilan ekspeditsiya a'zolarini tanishtirdi. Anchayin turdagi tangalar ichidan Makedonskiy davri tangalari va muhrlar saqlanayotganligi ma’lum bo‘ldi.

"Fidoyi yoshlar ekspeditsiyasi" a’zolari o‘rganishlariga ko‘ra, masjid o‘rtasida joylashgan ustun hijriy 1211-yilda usta Sodiqov tomonidan bunyod etilgan.

Jom qishlog‘ida istiqomat qiluvchi bir guruh yoshlar eski masjiddan kutubxona sifatida foydalanish haqida taklif bilan chiqishdi.

- Umuman olganda masjid ham, kutubxona ham ziyo maskani. Hatto ilm olish darajasi ibodat amallaridan ham ziyodaroq e’tirof etiladi. Shuning uchun ham yosh avlod bundayin ilm maskanlaridan bahramand bo‘lib, xalqni koriga yaraydigan, barkamol shaxslar bo‘lib yetishib chiqishsa, yomon bo'lmaydi,- deydi tadqiqot rahbari Faxriddinxo‘ja Ashrafxo‘jayev.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi ushbu masjidda kutubxona tashkil etishni zimmasiga oldi.

Bizni kuzatishda davom eting. “Fidoyi yoshlar ekspeditsiyasi” tomonidan topilgan topilmalar to‘g‘risida ma’lumotlarni berishda davom etamiz.