Kelajak oldidagi mas’uliyat — taraqqiyot uchun xizmat qiladi
O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari yakunlandi
(1-maqola, Novosibirsk)
30-iyun sanasi. Bu kunni yoshlar yorqin xotiralar bilan eslaydi. Aynan o‘sha kun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir guruh yoshlar bilan uchrashib, yangi, mutlaqo zamonaviy mexanizm asosida faoliyat yuritadigan O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tuzish taklifini berdi. Tashkilot oldida qator vazifalarni qo‘yib, endilikda nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorijdagi yoshlarning ham manfaatini himoya qilishi dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
O‘sha kundan boshlab tashkilot yangi mexanizm asosida professional ish boshladi. Yuqoridan pastga qarab emas, pastdan yuqoriga harakat qilish konsepsiyasini ishlab chiqdi. Respublikaning eng chekka qishloqlaridagi yoshlarning fikrlari, muammolarini yakka tartibda o‘rganishni yo‘lga qo‘ydi. Minglab uchrashuvlar, ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Yoshlarning muammolari o‘rganilib, 70 foizga yaqini joylarning o‘zida hal qilindi. Bitiruvchilarni ishga joylashtirish, ijtimoiy himoya, tadbirkorlik masalalarida bir qator ijobiy siljishlar bo‘ldi.
Xalqaro hamkorlik masalasida ham hukumatning e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasi o‘laroq, yoshlar tashkiloti qator ishlarni amalga oshirdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi, bir qator vazirlik va idoralar, Din ishlari qo‘mitasi mas’ul xodimlari, san’at sohasi vakillaridan iborat 21 bir kishilik delegatsiya shakllantirildi va unga Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev rahbar etib tayinlandi. Delegatsiyaning zimmasiga esa juda katta mas’uliyat yuklandi.
Safar 30-oktabrdan boshlandi. Xorijdagi yoshlarning manfaatlarini himoya qilishga astoydil kirishgan delegatsiya a’zolari uchrashuvlar joyiga tashrif buyura olmaydigan yoshlar uchun telegram messenjerida https://t.me/xorijdagi yoshlar kanalini tashkil etdi. Va bu ish ko‘p sonli yoshlarning muammolarini o‘rganishda yanada qulaylik yaratdi.

Dastavval…
Avvalo, shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu safarga delegatsiya a’zolari bir oy davomida tayyorgarlik ko‘rdi. Dastavval, Rossiya Federatsiyasining barcha hududlarida rasmiy va norasmiy mehnat qilayotgan migrantlar va hududda tahsil olayotgan talabalar haqida ma’lumot tayyorlandi. Bu ma’lumotlar hududlar kesimida tahlil qilindi, umumlashtirildi. Birinchi ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan savollar inobatga olinib, respublikamizda mavjud 65 mingga yaqin manzili va oylik maoshi aniq ko‘rsatilgan, real ish joylarining ro‘yxati tayyorlandi. Qolaversa, yoshlarning turli muammolariga yechim berish masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Ilk manzil — Novosibirsk!
Delegatsiya dastlab Novosibirskdagi Mehnat migratsiyasi tashkiloti vakillari bilan uchrashdi. Asosan, rasmiy tartibda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari manfaatini himoya qiluvchi ushbu tashkilot ishchilar uchun barcha sharoitlarni yaratib berganligi ma’lum bo‘ldi. Migrantlarning ham deyarli muammolari yo‘q.
10 nafar yoshlarimizga vatanga qaytish uchun “sertifikat” tayyorlandi, migrantlarning ish haqlari olib berildi
Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari norasmiy ravishda mehnat migrantlari yashaydigan hududlarga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xonalariga kirib borishdi. Yarim tunda mehmonlarni ko‘rgan vatandoshlarimiz quvonchini yashirmadi. Ma’lum bo‘lishicha, ular bir necha martalab o‘sha yerda istiqomat qilayotgan o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan aldangan. Shu sababli, hamyurtlarimiz O‘zbekistondan kimdir kelishi va yordam berishiga ishonmay qo‘yishgan. Samimiy muloqotdan so‘ng, mehnat migrantlari yashayotgan joy o‘rganildi.
Afsuski, yuk tashish uchun mo‘ljallangan vagonlarda, shunda ham, bir vagonda 8 nafargacha yoshlar yashayotgani, ovqatlanish va hatto yuvinish uchun ham o‘sha joyda sharoit yaratilgani ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, migrantlar vaqtida qo‘shnilari, do‘stlari qistovi bilan avtobusni to‘ldirish uchun yo‘lga chiqqanligi, qo‘lida bir so‘m puli bo‘lmaganligi va oxir-oqibat ish beruvchidan qarzdor bo‘lib, fuqarolik pasportini oldirib qo‘yishganini ma’lum qilishdi. Delegatsiyaning ushbu soha bo‘yicha maxsus vakili 10 nafar yoshlarimizga vataniga qaytish uchun “sertifikat” tayyorladi. O‘nlab yoshlarning oylar davomida ololmayotgan ish haqlari masalasi ham ijobiy hal qilib berildi. Yoshlar ushbu tashrifdan juda mamnun bo‘lishdi.

10 yil kutilgan uchrashuv…
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari va Novosibirsk viloyati gubernatori o‘rinbosari yoshlar tashkiloti rahbarlari, iqtisodiyot sohasi bo‘yicha ma’sul xodimlar, mehnat migrantlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Novosibirsk gubernatori O‘zbekiston delegatsiyasini 10 yil davomida kutganligini va ushbu hamkorlik ikki davlat manfaatlariga to‘laqonli xizmat qilishini ta’kidladi. Yig‘ilishda yaqin kunlarda Novosibirskda Yoshlar ittifoqining Boshlang‘ich tashkiloti tuzilishi ma’lum qilindi.

Novosibirsk bozorlaridagi savdogarlarning 60 foizi O‘zbekiston fuqarolari
Delegatsiya Novosibirsk bozorlaridagi o‘zbek yoshlarining hayotini o‘rgandi. Ularning kuzatishlari va o‘rganishlari davomida ma]lum bo’ldiki, hududdagi bozorlarda savdo qilayotgan savdogarlarning 60 foizdan ortig‘ini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi. Asosan, Namangan, Andijon, farg‘onalik yoshlardan iborat savdogarlar bilan Yoshlar yetakchisi ochiq va samimiy muloqot qildi.
Novosibirskda 12,5 ming nafar yoshlarimiz istiqomat qiladi... Endilikda ko’pchiligi ona vataniga qaytadi!
Delegatsiya Novosibirskdagi mahalliy ish beruvchilar va hududda yashayotgan o‘zbek yoshlari bilan uchrashdi. Ural, Uzoq sharq Novosibrsk, Tomskdagi o‘zbek diasporasi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar. Kelishuvga binoan, endilikda mahalliy ish beruvchilar o‘zbekistonlik yosh mehnat migrantlarining yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish, yashash uchun noqulay sharoitlarda mehnat qilayotgan yigit-qizlarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha tegishli ko‘mak beradi.

Delegatsiya Sibir boshqaruv institutida tashkil etilgan ochiq muloqotda yoshlarimizni qiynayotgan qanday muammoga duch keldi?
Sibir boshqaruv institutida o‘zbekistonlik talabalar uchun ochiq muloqot ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Yoshlarning bilimi juda yuqori. Uchrashuv davomida talabalar mavjud sharoitlar, rejalari va o‘zlarini qiynayotgan ba’zi muammolar haqida gapirib berishdi. Ayniqsa, nostrifikatsiya masalasi xorijda tahsil olayotgan yoshlarimizning asosiy muammolaridan biri ekanligi mulohazalardan so‘ng, yaqqol namoyon bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, 42 nafar bola ushbu muassasada o‘qiydi, Novosibirskdagi oliy ta’lim muassasalarida esa salkam 1500 ming nafar yoshlarimiz tahsil olib, shulardan 457 nafari bilan uchrashildi.
Yoshlar Prezidentimizning BMTning 72-sessiyasidagi butun jahon yoshlar haqida gapirgan so‘zlarini katta mamnuniyat bilan qabul qilishgani, bu o‘z navbatida butunjahon yoshlar manfaatini himoya qilishda katta ahamiyat kasb etishini bildirishdi.
Uchrashuv davomida yoshlarimiz O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlar, islohotlar, yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali doimiy kuzatishlarini ta’kidlashdi. Yoshlar yetakchisi boshchiligidagi delegatsiya vatandoshlarimizning taklif va istaklarini inobatga oldi. Bundan tashqari, Davlat maslahatchisi talabalar istiqomat qilayotgan uylarda bo‘lib, yoshlarimizning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdi.

Novosibirsk mehnat vazirligi hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rtasida Memorandum imzolandi
Novosibirsk mehnat vazirligi hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv har ikkala mamlakatning manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi va kelgusida o‘zbekistonlik yoshlar bilan tizimli ishlarni olib borishda ijobiy qadam bo‘ldi. Doimiy va tizimli hamkorlik qilish bo‘yicha Memorandum imzolashga kelishib olindi.
Undan tashqari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi hamda Novosibirsk yoshlar tashkiloti bo‘limi o‘rtasida ham hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu Memorandumda kelgusida o‘zbekistonlik yoshlarni hududda to‘laqonli himoya qilish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi. Filarmoniyadagi 500 kishilik teatrda o‘tkazilgan uchrashuv ham yuqori saviyada o‘tdi.
Masjidlardagi uchrashuv ko‘p sonli vatandoshlarimizni qamrab oldi
Delegatsiya tarkibida tashrif buyurgan “Nosirxon” masjidi imomi, Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Jasur Raupov Novosibirskda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar va talabalar bilan uchrashdi. 30-40 yil davomida hududda yashagan vatandoshlarimiz ham ushbu uchrashuvda ishtirok etdi. Yig‘ilganlarga ma’ruza o‘qildi. Bugungi globallashuv jarayonlari, uning yoshlar hayoti va dunyoqarashiga ta’siri haqida to‘xtaldi. Vatanparvarlik mas’uliyatini unutmaslikka da’vat etildi.

Gubernator Delegatsiya tashrifini qo‘llab-quvvatladi
Shuni alohida e’tirof etish kerakki, Novosibirsk gubernatori O‘zbekiston delegatsiyasini munosib kutib oldi. Barcha uchrashuvlar joylarini tayyorlashda amaliy ko‘mak berdi. Shu o‘rinda yana bir ma’lumot. Madaniy tadbirlarda O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov, san’atkorlar Samandar Hamroqulov, Anvar Sobirovlar bir paytning o‘zida yig‘ilgan minglab yurtdoshlarimiz uchun qo‘shiq kuylab, she’r o‘qib, ma’ruza qilib unutilmas taassurotlar qoldirishdi.

- Qo'shildi: 13.11.2017
- Ko'rishlar: 16
- Chop etish