Kitoblarimizdan «xatcho‘p” yo’qoldi

Hamkasblarim ko‘nglimdagi sovg‘ani hadya qildi. Anchadan buyon niyat qilganim Erkin A’zamning “Ertalabki xayollar” kitobi… Uyga kelishim bilan kitob mutolaasiga kirishdim. Shunchalik berilganimdan ovqatga urnash vaqti o‘tib ketganini ham sezmay qolibman. Tabiiyki, ma’lumotlarning ko‘pligi sababli, kitobning nechanchi betiga kelib qolganimni eslab qolish qiyinchilik tug‘diradi. Varog‘ini buklashga ko‘zim qiymadi. Orasiga narsa qo‘ysam, shunday bejirim kitob sifatiga putur yetadi. Nega kitobga “xatcho‘p” qo‘yilmagan ekan? O‘ylanib qoldim. Shundan so‘ng, kutubxonamdagi barcha kitoblarni yana bir ko‘zdan kechirdim. Aksariyati “Kamolot” kutubxonasi” ruknida chop etilgan. Oldinlari e’tibor qaratmagan ekanman. Taassufki, hech birida xatcho‘p yo‘q.

Tabiiyki, bu holat menga qiziqish uyg‘otdi. Aksariyat yondaftarlarda so‘zlashuv uslubida keltiradigan bo’lsak, ko‘k rangdagi “ipcha”lar mavjud. Biroq, nega badiiy kitoblarga ularni uchratish qiyin?

To‘g‘ri, bu holat ko‘pchillikka bir qaraganda, o‘ta oddiy holatdek tuyulishi mumkin. Ammo har qanday badiiy kitobning uzoq avlodlarga mo‘ljallangani, ulardan foydalanganda sifatiga zarar yetkazmaslik maqsadida qadimiy xatcho‘plardan foydalangan ma’qul. Qadimda deyarli barcha kitoblarda xatcho‘plar bo‘lgan. Ayni damda ham rivojlangan davlatlarda ushbu detaldan to‘laqonli tarzda foydalaniladi.

Shu o‘rinda bir holat…

— Bir voqea esimdan chiqmaydi. Shoir Mirtemir og‘ir dardga chalinib kasalxonada yotganida Ozod Sharafiddinov bilan ko‘rgani bordik. Biz xonaga kirganimizda domlaning qo‘llarida «O‘tgan kunlar» romani, yotgan joylarida mutolaa bilan mashg‘ul ekanlar. Domla roman orasiga xatcho‘p qo‘yib, biz bilan salomlashdilar va kitobga ishora qilib, «Mo‘’jiza, naqd mo‘jizaning o‘zi», —dedilar. — Bu galgi mutolaa, balkim yuzinchisidir», deya jilmayib ilova qildilar, — degandi yoshlar bilan suhbatlarning birida adabiyotshunos olim Umarali Normatov.

Endi savol tug‘iladi? O‘tgan asrda nashr etilgan “O‘tkan kunlar”da xatcho‘p bo‘lib, hozirda esa ularni kuzatmaymiz? Vaholanki, qadimdan kitobga bo‘lgan hurmat, ehtirom yuqori darajada bo‘lgan. Uni toza saqlash, gard yuqtirmaslik borasida olimlar o‘z hayotlarini hatto o‘rtaga qo‘yishgan.

Shu o‘rinda yana bir tabiiy savol tug’iladi? Xatcho‘pni kitoblarga qo‘yish kitob tannarxini necha foiz oshishiga olib keladi… Yoki uning biror-bir zararli tomoni bormi?
   O‘ylaymizki, mavjud nashriyotlar bu borada o‘z firklarini bildirishadi.
Bu albatta, kitobxon “Qaysi sahifaga kelgandim”, deb bir boshdan kitobni varaqlab o‘tirmasligi, vaqti va asabiylashishi holati oldini oladi.

Bu kichik muammoni chet elda dizaynerlar allaqachon qiziqarli xatcho‘plar yaratish bilan yechishgan.

Ha, kitob mutolaasining unumli bo‘lishi va sifatining yillar davomida buzilmasligi ko‘p hollarda xatcho‘plarga ham bog‘liq. Shu nuqtai-nazardan qaraganda, noshirlarimiz barcha darslik, ilmiy va badiiy kitoblarda ushbu xatcho‘plardan foydalanishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Xususan, “Kamolot kutubxonasi” ruknida nashr etilayotgan kitoblarga ham xatcho‘p qo‘yilsa, bu faqatgina kitobxonlarga yengillik tug‘diradi, badiiy kitobning esa yillar davomida bejirim saqlanishiga poydevor bo’ladi.