“Kitobxonlar avlodi shakllanmoqda”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3721-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 22 may kuni “Yosh kitobxon” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qaror imzolangan edi.
Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 8 iyun kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida “Yosh kitobxon” tanlovi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, Mudofaa vazirining o‘rinbosari Aziz Ikromov va ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar “Yosh kitobxon” tanlovining yoshlar hayotida katta burilish yasagani, “Men prezident sovg‘asiga ega bo‘laman”, degan aniq maqsad bilan qo‘liga kitob olayotgani, bir so‘z bilan aytganda, mana shu tanlov orqali yurtimizda kitobga bo‘lgan mehrni shakllanayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Bu xususda Qahramon Quronboyev quyidagi fikrlarni bildirdi:
- Hatto oliy ta’lim muassasalariga ham bir yilda 600 mingga yaqin abituriyent o‘qishga topshiradi.
“Yosh kitobxon” tanloviga esa bir yilda 720 mingga yaqin yosh hujjat topshirgan. Bu juda katta natija. Bu degani yoshlar kitob o‘qiyapti degani. Bu degani tom ma’noda yangi kitobxonlar avlodi shakllanyapti degani. Hamma tanlov ham yaxshi tanlov, lekin “Yosh kitobxon” tanlovi dunyoqarashni o‘zgartirishi, tafakkurni yuksaltirishi bilan ajralib turadi.
Anjumanda ishtirok etgan yoshlar tanlovni qay tartibda o‘tkazilishi, o‘qish uchun tavsiya qilingan kitoblar ro‘yxati va boshqa o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.

Bu yilgi tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish, keng ommani jalb qilgan holda tashkil etish, eng asosiysi, shaffofligini ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Ikkinchi mavsumda ham “Yosh kitobxon” tanlovi yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o‘qishga da’vat etish hamda ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirishdek buyuk maqsadiga, albatta, erishadi.
- Qo'shildi: 09.06.2018
- Ko'rishlar: 22
- Chop etish