“Mahalla kubogi” “Chig‘iriq” yoshlariga nasib qildi
Nurafshon shahridagi mahallalarning uyushmagan yoshlari o‘rtasida sportning futbol turi bo‘yicha “Mahalla kubogi” musobaqasining saralash o‘yinlari o‘tkazildi!
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Nurafshon shahar Kengashi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan futbol musobaqasida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 200 nafardan ortiq nurafshonlik uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.
– Sport musobaqasini uyushtirishimizdan asosiy maqsad — yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishdir, – deydi Yoshlar ittifoqi shahar Kengashi raisi Murodjon Masaliyev. – Kelgusida bundan tadbirlarning ko‘lami va samarasini kengaytirish niyatidamiz.
Haftaning dushanba kuni “Yuksalish” mahallasining stadionida ushbu musobaqaning final o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan o‘yinda “Chig‘iriq” mahallasi yoshlari “Oppoq” mahallasining yosh o‘yinchilari ustidan 4:0 hisobida zafar quchdi.
G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Chig‘iriq” mahallasi yoshlari “Mahalla kubogi” bilan uylariga qaytishdi.
- Qo'shildi: 25.05.2018
- Ko'rishlar: 21
- Chop etish
