Mas’uliyat va rag‘bat muborak, Yoshlar yetakchilari!

Paxtaobodda “Yoshlar markazi”ning tantanali ochilish marosimi yana bir quvonchli voqeaga ulanib ketdi.

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining Qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar ittifoqi kengashi raisini, viloyat, shahar, tuman kengashlari raislarini va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan takdim etilgan ro‘yxatlar bo‘yicha xodimlarga “Spark” yoki “Damas” rusumli avtotransport vositalari sotib olish uchun imtiyozli kredit ajratmoqda.

Tantanali tadbirda ham Andijon shahri, Baliqchi, Paxtaobod, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa tumanlari Kengashlari raislariga “Spark” avtomashinalarining kalitlari topshirildi.

— Bugun mening quvonchim cheksiz, — deydi Baliqchi tuman kengashi raisi Bekzodbek Aliboyev. — Ish faoliyatim davomida tumanning turli hududlariga borib kelishga to‘g‘ri kelardi. Endilikda eng chekka hududlarga ham bemalol borishim, yoshlarning muammo va takliflarini yuzma-yuz o‘tirib tinglashim. Ushbu rag‘bat menga yanada jonkuyarlik, yanada fidoyilikka undayapti. Ishonchni albatta oqlayman.