Matbuot anjumani: Mohinur Turopova o‘zi yaratgan to‘plamda maktab formasi uchun nimalarga e’tibor berdi?
Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da 16-17 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Imidj” yosh dizaynerlar televizion tanlovi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Matbuot anjumanida tanlovning asosiy maqsad va vazifalari hamda unda kutilayotgan natijalar haqida so‘z bordi.
— Mazkur tanlovda yosh dizaynerlar quyidagi ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bellashadi: birinchi yo‘nalish, maktab formasi modellari hamda ikkinchi yo‘nalish, “Yoshlar ittifoki” logotipi bilan erkin kiyimlar, aksessuarlar dizaynini yaratish, — deydi Yosh dizaynerlar Kengashi rahbari Dilnoza Umirzoqova. — Shuningdek, tanlovda professional hamda havaskor dizaynerlar ishtirok etadi. Joriy yilning noyabr oyi davomida ikkala yo‘nalish bo‘yicha eskizlar qabul qilindi hamda 1-dekabr kuni mutaxassislardan iborat hay’at a’zolari jami 983 nafar ishtirokchidan 20 nafar ishtirokchini tanlab oldi. 10 kun davomida esa Yosh dizaynerlar Kengashi tomonidan tanlab olingan dizaynerlarning g‘oyalarini mukammallashtirish, matolar tanlash va andozalarini ishlab chiqishga ko‘maklashildi va 70 ta model tayyorlandi.

— “Imidj” yosh dizaynerlar televizion tanlovida dizayner sifatida ishtirok etmoqdaman. Yaratgan to‘plamlarim 3 qismga bo‘linadi. 1-qismda 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun maktab formasi, 2-qismda o‘rta sinflar ya’ni 5-sinfdan 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun maktab formasi, 3-qismda esa bu kattalar ya’ni 9-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan maktab formalaridir, — deydi K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-bosqich talabasi, tanlov ishtirokchisi Mohinur Turopova. — Yaratgan to‘plamlarimda, asosan ranglarga, bichimga va eng asosiysi, o‘quvchilar uchun qulay bo‘lishini inobatga olganman. Ular har tomonlama o‘quvchilarga mos bo‘lishi kerak. Maktab formalari nafaqat dizayni bilan balki sifat tomonlama ham talabga javob berishi lozim. Bu yangi kolleksiyamni yaratish jarayonida o‘quvchilarning antropologik xususiyatlariga e’tibor qaratdim ya’ni ularning rivojlanishiga qarab, bichimlarni tanladim. Shuningdek, ranglarni ham shunga moslashtirishga harakat qildim. Chunki O‘zbekiston havo iqlimini hisobga olgan holda to‘plamlarim uchun to‘qroq ranglardan foydalandim. Bular to‘q ko‘k, to‘q kulrang va to‘q anor ranglaridir. Bu ranglar birinchi o‘rinda bir-birlari bilan yaxshi chiqishadi hamda hozirgi zamon talabiga javob beradi. Tanlagan ranglarim e’tiborni juda jalb etmaydi. Bichimlar esa o‘zbek milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda qilingan. O‘ylaymanki, maktab formalari bo‘yicha tayyorlagan to‘plamlarim barchaga manzur bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, yosh dizaynerlar taqdim etgan ishlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan http://yi.uz/site/votes manzilida xalq ovoziga qo‘yilgan. Albatta, ovoz berishni unutmang!
- Qo'shildi: 14.12.2017
- Ko'rishlar: 14
- Chop etish