Men endi talabaman!
1997 yil 19 aprel Samarqand shahri Bog‘ishamol tumanida tug‘ilgan Jo‘rayev Jahongir Bahriddinovichning oilasi 4 kishidan iborat. Mehribon ota-onasi va yakkayu yolg‘iz ukasi bilan o‘tgan onlarini qadrlashga odatlangan qahramonimiz hamisha “Vaqtni qadrlagan inson esa hayotni ulug‘laydi, g‘animat umrni hom-hayollarga sovurmaydi” degan g‘oyani ilgar surgan. U 2004
– 2013 yillar davomida 187 umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlagan. 2016 yilga qadar Toshkent transport kollejida tahsil oldi.
Suhbat davomida Jahongirjonning ko‘p qirralari kashf etildi. Uning adabiyotga ixlosmand ekanligini jahon adabiyoti durdonalari ta’siridan ilhomlanib yozgan “Buxgalter” va “Qorovul” nomli bir qancha detektiv asarlari bilan tanishish vaqtida amin bo‘ldik. Shuningdek, san’at sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini ham alohida ta’kidlar ekan, bo‘sh vaqtlarida do‘stiga tegishli gitara cholg‘u asbobi yordamida yoqimli kuylar yaratish bilan shug‘ullanib turishi bizni qoyil qoldirdi. Shijoati, intilishi, qiziqishi, oliy maqsadlariga to‘xtalganida, u haqda “Haqiqiy tug‘ma iste’dod sohibi ekan”, degan xulosaga ham kelib qoldik.
2016 yilda Toshkent kimyo texnologiyalari institutining nodir metallar fakultetiga o‘qishga topshirib, talaba bo‘lolmasada, ruhiyatini cho‘ktirmay, yana harakat qilishda davom etadi. O‘sha kundan boshlab oilaviy sharoitdagi moddiy kamchiliklar va ma’lum sabablarga ko‘ra, ro‘zg‘or tashvishlarini otasi bilan tengma-teng yelkalagan qahramonimizning aytishiga qaraganda, ish jarayonida ham vaqt bo‘ldi deguncha kitob mutolaa qilgan. Bu jarayon unga ruhiy kuch va ma’naviy zavq ulashgan. Bir yil davomida ham ishlab, ham o‘qish imtihonlariga mustaqil ravishda tayyorgarlik ko‘rishni yo‘lga qo‘ydi.
Tinimsiz mehnatlari samarasini 2017 yilgi oliy o‘quv dargohlariga kirish imtihonlarining ijobiy natijalari ortida ko‘rdi. Chunki ijodkor yigitimizga mazkur yilda minglab yoshlarimiz orzu qilgan, intiqib kutilgan talabalik baxti kulib boqdi. Bu yil ham ezgu maqsad yo‘lidan qaytmagan Jahongirbek Toshkent kimyo texnologiyalari instituti nodir metallar fakultetiga 86,6 ball bilan kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganligi haqida jo‘shib gapirdi.
“Bu lahzalardagi baxtiyorlikni shunchaki so‘z orqali tasvirlab bo‘lmaydi, u paytda quvonchim ichimga sig‘masdi”, deya izohladi o‘sha kungi taassurotlari bilan bo‘lishish jarayonida. Faqat bir muammoli vaziyat ko‘nglini xijil torttirardi. “Endi kontrakt pulini qanday to‘laymiz” degan savol butun diqqatini qamrab olgandi. Uzoq o‘ylanib, oxiri bir to‘xtamga keladi. Bu masala yuzasidan oilaviy maslahat qilishni lozim topadi. Otasi birgina najot yoshlar muammolari g‘amini yeb, kelajak bunyodkorlari uchun ko‘plab imtiyozlarni joriy etayotgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkilotidan ekanligi, bu borada ulardan moddiy ko‘mak so‘rash qarorini bildiradi. Avgust oyining oxirlarida o‘zi va ayolining jismoniy imkoniyati cheklanganligi, 1 guruh nogironligiga mansubligi sababli to‘ng‘ichining o‘qishi uchun moddiy ko‘mak berishlarini so‘rab Respublika yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyevga xat yo‘llaydi.
Ushbu murojaatga sentyabr oyining boshlarida amaliy yechim bilan javob qaytarildi. Unga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandining o‘qishi uchun 6mln 650 ming so‘m miqdorda konrakt to‘lovi to‘lab berildi. Bir murojaat orqali muammolari arigan bu oila ko‘rsatilgan sahovatga cheksiz minnatdorchilik bildirdi. Qiyin vaziyatda yordam qo‘lini cho‘zgan Yoshlar ittifoqi tashkilotiga shuningdek, xalq dardi bilan yashab, xalq manfaatlari uchun xizmat qilayotgan muhtaram yurtboshimizga ming bor tashakkur aytdilar.
Suhbatimiz so‘ngida talabalikning oltin davrini surayotgan Jahongirjon kelajakda vataniga munosib o‘g‘lon bo‘lishga, o‘z kasbi-kori orqali yurtimiz sharafini ko‘klarga ko‘tarishga, amaliga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da berdi. Porloq kelajakka bo‘lgan umid uchqunlagan bu ko‘zlar ko‘zlagan maqsadlariga erishishiga iymonimiz komil.
- Qo'shildi: 04.12.2017
- Ko'rishlar: 19
- Chop etish