Munosabat: Tirnoq ostidan kir qidirmaylik!
Muqaddas dinimizda: “Hamma narsa niyatga bog‘liq”, – degan ajib hikmat bor. Niyat xolis bo‘lmas ekan, oqni qora, qorani oq ko‘rish mumkin. Dunyoda bundan yomoni yo‘q. Chunki bunda haqiqat poydevoriga darz ketadi.
Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan voqea-hodisalarga ayrim fuqarolarimizning ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z shaxsiy munosabatini bildirishga qiziqayotgani – yaxshi narsa. Biroq munosabatda munosabat bor-da. Ya’ni munosabat ham xolis bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning bir manzumasida odamlar eshakka minib ketayotgan chol bilan nevarani tanqid qilishadi. Ularni eshakka rahm qilmaganga chiqarishadi. Keyingi qishloqdan o‘tayotganda chol eshakka minib oladi-yu, nevara piyoda yuradi. Bu gal cholni nevaraga rahm qilmaganlikda ayblashadi. Uchinchi qishloqdan o‘tishayotganda nevara eshakka minadi-yu, chol piyoda yuradi. Yana tanqidga uchrashadi...
Nima qilsang ham, odamlar gapiraveradi ekan-da, degan xulosa chiqadi asardan. Elning og‘ziga elak tutib bo‘lmas ekan-da.
Yo‘q: bunaqasi ketmaydi!
Kuni-kecha mamlakatimizga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning davlat tashrifi bilan kelib ketgani ayrim fuqarolarimizning ijtimoiy tarmoqlarda turli-tuman munosabat bildirishlari uchun mavzu bo‘ldi. Ularning aksariyatini bunday yaqin qo‘shnichilik nihoyatda xursand qilgani bayon etiladi. Biroq bular orasida shundaylar ham topildiki, ularga qo‘shni davlat rahbarining izzat-hurmati uchun poytaxtimiz ko‘chalariga talaba yoshlarning saf tortib, ikki davlat bayrog‘ini ko‘tarib turishi ma’qul tushmabdi. Ana xolos!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz tashqi siyosatini yangi pog‘onaga ko‘tarish, xalqaro maydonda obro‘-e’tiborimizni yanada oshirish, avvalo, yon qo‘shnilarimiz bilan ikki taraflama manfaatli do‘stona aloqalarni yangi pog‘onalarga ko‘tarishning tashabbuskori bo‘lib kelyapti. Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston bilan aloqalarimiz borasida o‘tgan bir yarim yildan oshiqroq davr mobaynida tamoman yangi sahifalar ochildi.
Turkmaniston Prezidentini kutib olish bilan bog‘liq tadbirlarda yoshlarimizning ishtirokiga nek niyat bilan qarash zarur, deb o‘ylayman. Axir, yaqindagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida ham bu qo‘shni mamlakat yoshlari xuddi shunday hurmat-ehtirom ko‘rsatdi-ku. Axir, mehmonnavozlik biz – Markaziy Osiyo xalqlarining qon-qoniga singib ketgan-ku.
Ikki davlat hayotida yuz berib turgan shunday katta ijtimoiy-siyosiy voqeaga munosabatda bunday maydalashish yaxshilik alomati emas.
Xullas, tirnoq ostidan kir qidirmaylik!
Dildora OLIMOVA, jurnalist
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar media markazi” nodavlat notijorat tashkiloti G‘oyaviy rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i
- Qo'shildi: 25.04.2018
- Ko'rishlar: 27
- Chop etish