Mutlaqo yangi — “Keyingi bekat” loyihasi haqida nimalarni bilamiz?

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida joriy yilning 1-sentabr kuni Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasida davlat, jamoat va yoshlar tashkilotlari vakillari hamda diniy soha xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida bildirilgan fikrlar va topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qashqadaryo viloyatimizidagi ta’lim muassasalarida tadbirlar davom etmoqda.

Xususan, viloyat yoshlar markazida Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, mudofaa, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari hamkorligida “Keyingi bekat” loyihasi tashkil etildi.

Loyihani hayotga tatbiq etish maqsadida maxsus hisobdan chiqarilgan fuqarolar va ularning farzandlarini Vatanga sadoqat, ilm-ma’rifatga muhabbat ruhida tarbiyalab borish bo‘yicha harbiy xizmatchilar, imom-xatiblar, faol yoshlar, sportchilar ular yashaydigan mahallalarda muntazam ravishda madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar, sport musobaqalarini tashkil etishmoqda.

Hozirgi vaqtga qadar 78 tadbirda 2000 nafardan ziyod yoshlar qamrab olindi.

O‘tkazilayotgan tadbirlar samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish maqsadida “Keyingi bekat” nomli filmlar namoyishi bilan bir qatorda “Tinchlik va farovonlik – mustaqil taraqqiyot poydevoridir”, “Internet tarmog‘idagi qarmoqlar”, “Missionerlik va prozelitizm ta’siridan ogoh bo‘ling” nomli buklet va risolalar tarqatilayapti.

Tadbirda yoshlarning fikr-mulohazalari tinglanib, ularga ma’naviy ko‘mak berilmoqda.