“Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusidagi mahorat darslari – Qo‘qonda!

7-avgust kuni Qo‘qon shahrida “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida mahorat darslari o‘tkazildi. 
Ushbu mahorat darslarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2018-yil “Faol tadbirkorlik va innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash” yilida tadbirkorlik ekotizimining barcha subyektlarini birlashtirish, o‘zaro hamkorlik qilish va fikr almashish uchun sharoit yaratish, O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining asosiy omili sifatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, biznesni rivojlantirishda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan ishtirokchilarni tanishtirish hamda O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish va amaliy harakatlarni olib borishdan iboratdir.

Mahorat darslari doirasida viloyatning barcha hududlaridan kelgan yosh tadbirkorlar uchun Qo‘qon shahridagi “Ad&An” tekstil korxonasiga hamda “Shaffof metan servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 120 nafar yoshlar bilan sayohatlar uyushtirildi.

Kunning ikkinchi yarmida yosh tadbirkorlar va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar uchun Qo‘qon musiqali drama teatrida “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida mahorat darslari, ma’ruzalar, munozara va savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

“Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida mahorat darslarini Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari M.Abdurahmonov hamda Qo‘qon shahar hokimi M.Usmanov ochib berishib, yig‘ilganlarga yoshlar tadbirkorligining bugungi kundagi o‘rni va ularga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘z yuritishdi.

Ma’ruza va mahorat darslarini “DEKOS” va “OFFICE MARKET” korxonalari asoschisi Hasan Mamasaidov, “AMBiT” raisi Hikmat Abdurahmonov, “Edu-Action” asoschisi Umid Eshmuhammedov, “Paynet, LeBazar” asoschisi Botir Arifjonov, “Ground Zero” kovorking markazlari rahbari Abdulahad Qo‘chqorov, “Fiori Flower Boutique” asoschisi Nodira Vohidova, “Nestle O‘zbekiston” kompaniyasi jamoatchilik hamda aloqalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Nigora Akilovalar kabi mamlakatimizning yirik tadbirkorlari o‘zlarining faoliyat tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi hamda yoshlarga ma’ruzachilar biznesni qanday boshlaganliklari, boshqarish uslublari haqida aniq faktlar bilan so‘zlab berishdi.

Uchrashuvda 600 dan ortiq yosh tadbirkorlar va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi. Mahorat darslarida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va tadbirkorlik faoliyatlari uchun muhim qadamlarni tashlashdi.