Namanganda "Yozni "Kamalak" bilan" loyihasiga start berildi?

 

Namanganda "Yozni "Kamalak" bilan" loyihasiga start berildi?

Bu yoz 17500 nafar bola sog‘lomlashtiriladi...

“Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Yozni “Kamalak” bilan!” loyihasi ham yoz mavsumida bolajonlarni oromgohlarda va mahallalarda maroqli hordiq chiqarishlari uchun xizmat qiladi.

Namangan viloyatida ham 2017-yil yoz mavsumida 8 ta statsionar oromgohlarda 4 ta mavsumda 5460 nafar, 95 ta kunduzgi oromgohlarda 11850 nafar o‘quvchi dam olgan edi...

2018-yilda esa bu ko'rsatkich sezilarli darajada o'zgardi. Viloyatda 17500 nafar bolalar sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan.

Yoz mavsumida hududiy va mahalliy bolalar tashkiloti tomonidan har bir oromgoh hamda mahallalarda bolalarning siyosiy-huquqiy savodxonligini, diniy bilimlarini oshirish, “Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish” darslari, ma’naviy-madaniy hordiq olishlariga qaratilgan tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, bolalar uchun psixologlar maslahatlar, “Ko‘chma sport o‘yinlari”, “Ko‘chma kino”, “Ko‘chma teatr” tadbirlari, “Kitobxonlik kunlari”, “Mening yurtim, O‘zbekiston!” mavzusida asfaltga rasm chizish tanlovi, “Tabiatni asraymiz!” shiori ostida ekologik aksiya, “Robototexnik bolalar” robotlar ko‘rgazmasi, “Kamalak” mening sevimli tashkilotim” mavzusida seminar-treninglar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Mazkur loyihaga joriy yilning 5-iyun kuni Namangan yoshlar markazidan start berildi.

Loyihaning ramziy avtomashinalari yoshlar markazi hovlisida saf tortdi.

“Kamalak” sardorlari tomonidan tashkil etilgan madaniy dastur bolajonlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Loyihaga oid targ‘ibot bannerlari va bayroqlar bilan bezatilgan avtokarvon oromgohlar tomon yo‘l oldi.