Navoiy: Hokim yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun jamg‘arma tashkil etdi!
Navoiyda hokim muammosi bor yoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Ushbu uchrashuvda mutassaddi tashkilot rahbarlari, Navbahor, Konimex, Nurota, Qiziltepa, Xatirchi hamda Karmana tumanlarida yashovchi faol bo‘lmagan, ishsiz yoshlar, yosh tadbirkor va fermerlar hamda boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, jami 400 nafar yosh ishtirok etdi.
Yoshlar tomonidan berilgan taklif, muammo hamda savollarga viloyat hokimi Kobul Tursunov javob berdi.
Uchrashuv avvalida hokim 2018-yil — “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash” yili munosabati bilan Navoiy viloyatida “Yosh tadbirkorlarni va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasini tashkil etilishini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, yoshlarning fikrlariga birin-ketin navbat berildi. Bir qator muammolar joyida hal etildi.
Jumladan, ikkinchi guruh nogironi Karmana tumani “Yoshlik” mahallasida yashovchi Navro‘zova Dilafro‘zga tikuv mashinasi taqdim etildi.
Oliy ma’lumotli biroq ayni damda ishsiz bo‘lgan Azizov A’zam bugungi kunda o‘z hovlisini qayta ta’mirlab, zamon talablariga to‘liq javob bera oladigan maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish uchun tijorat banklaridan 500 mln. so‘m kredit ajratish masalasida yordam so‘radi.

Viloyat hokimi ushbu taklifni ma’qulladi. Ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi sentyabr oyida faoliyatini “Ahil oila” nomi bilan boshlaydi.
Shuningdek, xitoy tilini mukammal o‘rgangan Elyor Bo‘riyev ham o‘z taklifi bilan qatnashdi. Ya’nikim, O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish maqsadida viloyatdan har yili yosh tadbirkorlarning Xitoyga tashrifini tashkil etishni so‘radi. Taklif qo‘llab-quvvatlandi. Hatto, ro‘yxat ham shakllantirildi.
Uchrashuv davomida 50 taga yaqin yoshlarning taklif va muammolari tinglandi.
Ko‘tarilgan barcha masalalar ijrosini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi nazorat qiladigan bo‘ldi!
- Qo'shildi: 25.01.2018
- Ko'rishlar: 22
- Chop etish