Oliy Majlisda “150 nafar yosh deputat” ilk marotaba yangi Qonun loyihasini muhokama qildi!
Xabaringiz bor, rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda O‘zbekistonda ilk marotaba Yoshlar ittifoqi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti modeli” loyihasini amalda tatbiq etdi.

— Biz ushbu loyihani juda katta amaliy natija uchun ishlab chiqdik, — deydi Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari D.Kattaxonova. — Yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda siyosiy partiyalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirish, munozara madaniyatini shakllantirish, xalq manfaatlari uchun butun kuchini, bilimi va imkoniyatlarini safarbar qila oladigan tashabbuskor, g‘ayratli avlod safini kengaytirish niyatimiz bor.
Ma’lumot o‘rnida…

Dastlab loyihada ishtirok etish uchun 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan 2 mingdan ortiq yoshlardan http://yp.strategy.uz sayti orqali elektron so‘rovnomalar qabul qilindi. Ulardan 150 nafar iqtidorli yoshlar saralab olindi va loyihada ishtirok etish uchun huquqini qo‘lga kiritdi.
Loyihaning 1-kunida haqida axborot bergandik. 2-kunida esa yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi. Uning faoliyati bilan tanishishdi.

So‘ngra Qonunchilik palatasining yalpi majlisi (simulyatsiya) o‘tkazildi.
Yalpi majlisda 150 nafar yosh deputatlar (52 nafari O‘zbekiston Liberal-demorkatik partiyasi, 36 nafari O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, 27 nafari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, 20 nafari O‘zbekiston “Adolat” demokratik partiyasi fraksiyalari a’zolari, 15 nafari esa O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlik guruhi a’zolari sifatida) “Ko‘ngillilar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini muhokama qildi va yakunda ushbu qonun loyihasi qabul qilindi.
Ushbu loyiha orqali yoshlar deputat sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida qonun loyihasini bevosita muhokama qilish va qabul qilish jarayonlarida ishtirok etdi va yoshlarning siyosiy, huquqiy bilimlari yanada oshirildi.

- Qo'shildi: 18.01.2018
- Ko'rishlar: 17
- Chop etish