O‘zbek tilini internet tiliga aylantirmasak, yo‘qolib ketish ehtimoli mavjud bo‘lgan tillar qatoriga kirishi mumkin

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 28 yilligi munosabati “Til – millat ko‘zgusi” mavzusiga bag‘ishlangan “Yoshlar press-klubi”ning navbatdagi soni tasvirga olindi.

Unda professor o‘qituvchilar, tilshunos olimlar, yuristlar, shoir va yozuvchilar, tilshunoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar, magistrantlar, yosh ijodkorlar, san’at va madaniyat namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Mazkur ko‘rsatuvni tayyorlashdan asosiy maqsad – o‘zbek tilining maqomini yanada rivojlantirish, davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish, uni nafaqat rasmiy til, balki milliy madaniyatimizning ifoda vositasi sifatida yanada boyitish, sofligini asrash hamda xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini oshirishdan iborat.

Ko‘rsatuv yakunida o‘zbek tilining maqomini yanada rivojlantirish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, sofligini oshirishga qaratilgan quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:

1. “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuniga qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish.

2. Respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarida navoiyshunoslik dars soatlarini joriy etish.

3. O‘zbek tili rivoji va uning istiqbollari bilan shug‘ullanuvchi Komissiya tuzish.

4. O‘zbek tilini axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari tiliga, internet tiliga aylantirish.

5. Xorijiy tillarga ixtisoslashgan ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha ta’lim yo‘nalishini joriy etish.

6. Ish yuritish hujjatlarini o‘zbek tilida olib borish masalasini kuchaytirish.

Ushbu mavzuga yana qaytamiz!