O‘zbek yoshlarining filmlari “Manas”da namoyish etildi

Bishkek vaqti bilan 10:00da “Manas” kinoteatrida o‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlarning «PROlogue» festivalida g‘olib deb topilgan qisqa metrajli filmlari namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchisi Komiljon Rashidov, Qirg‘izistonning Yoshlar, jismoniy tarbiya va sport masalalari bo‘yicha davlat agentligi direktori Kanat Amankulov, Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Oybek Abdushukurov, o‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlar delegatsiyasi a’zolari, shuningdek, madaniyat xodimlari, yosh kinoshunoslar, kino rejissura va kommunikatsiya yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalar ishtirok etdi.

Namoyish avvalida so‘zga chiqqanlar yaqinda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan hujjatlarning o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarini rivojlantirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qilayotgani, har ikki mamlakat orasidagi o‘zaro qo‘shnichilik, qardoshlik, do‘stlik aloqalarining tobora mustahkamlanib borayotgani haqida aytib o‘tishdi.

O‘zbek yoshlari tomonidan suratga olingan filmlar qirg‘izistonlik ijodkor va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinib, mamlakatda bo‘lib o‘tadigan festivallarda o‘zbek yoshlarining ishtirok etishi taklifi bildirildi.

Tashrif davom etmoqda.