O‘zbekiston yoshlar ittifoqi endilikda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan ham hamkorlik qiladi!

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi vazifalar ijrosi hamda xorijdagi mehnat migrantlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi - O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, diniy soha xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. 

Ma'lumki, joriy yilning 15-noyabr kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. 

Jinoyat sodir etish — og‘ir gunoh

Uchrashuvda notiqlar imom-xatiblar joylardagi chiqishlarida, keng aholi qatlami bilan uchrashuvlarida jinoyat sodir etish juda ham og‘ir gunoh ekani, Qur’oni karim oyatlari va Hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlar qattiq qaytarilganini jonli misollar orqali ta’sirchan qilib, tushuntirishlari zarurligi ta’kidlandi.

Jinoyatning sabablaridan biri – qilayotgan ishining jinoyat ekanini, gunoh ekanini bilmaslikdir. Avvalo, ana shu jaholatga qarshi kurashish kerak. Bir ishning gunoh ekanini bilgan odam albatta undan qaytadi. Jinoyatning qaysi bir turini olib qaramang, dinimiz, insoniylikka xilofdir. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik – bularning barchasi inson hayotiga zarar ekanini tushuntish diniy soha xodimlari va ziyolilar zimmasidagi muhim vazifa ekani alohida qayd etildi.

Rossiya safari mehnat migrantlari bilan ishlashning yangi bosqichini boshlab berdi

Shuningdek, ushbu yig‘ilishda shu yil 30-oktabr – 9-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan va Novosibirsk shaharlaridagi mehnat migrantlari bilan uchrashuvlari to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi. Ushbu safar davomida mehnat migrantlarining yashash va ishlash sharoitlari bilan yaqindan tanishilgani, yotoqxonalarda yakka tartibdagi suhbatlar uyushtirilgani va mehnat migrantlarining ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqilgani ma'lum qilindi.

Yoshlarga halol va haromni farqlashni o‘rgatish — zamon talabi

Haqiqatan, yosh avlod tarbiyasi doimo eng dolzarb va juda mashaqqatli bo‘lib kelgan. Istaymizki, yo‘qmi bugungi kunda yoshlarda imon-e’tiqodni, dinu diyonatni, halol-haromni, hushyorlikni, zararli ta’sirlarga qarshi kurashishni shakllantirish dolzarb masala hisoblanadi.

Ogohlik — farzandlarimizni ehtimoli bo‘lgan tuzoqdan asraydi

Yig‘ilishda chet ellarda yurgan o‘zbekistonlik yigit-qizlar ham o‘zimizning farzandlarimiz ekani, agar ularning tarbiyasi bilan vaqtida shug‘ullanilmasa, befarq bo‘linsa, boshqalar farzandlarimizni aldab, tuzog‘iga ilintirib, juvonmark qilishi mumkinligidan ogoh etildi. 

Islom dinini to‘g‘ri targ‘ib qilish — muhim vazifa

Shuningdek, bugungi tezkor axborot zamonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham o‘zining maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, faoliyat yo‘nalishlarini kengaytirib, hozirgi islohotlarning yangi bosqichida diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, Islom dini ta’limotini keng targ‘ib qilish katta e’tibor qaratilayotgani ma’lum qilindi. Shu maqsaddan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari tahririyatlari bilan mana shunday xayrli ishlarni jadal olib borishda hamkorlikka tayyor ekani eslatib o‘tildi.

Yana bir muhim qadam tashlanadi!

Tadbir yakunida yoshlar bilan ishlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Memorandum imzolash taklifi qo‘llab-quvvatlandi.