O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Moliya vazirligiga 490 yigit-qizni tavsiya qildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida moliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratib, sohani mas’uliyatsiz kadrlardan tozalash zarurligini ta’kidlagan edilar.
Shu kunlarda Moliya vazirligida bu borada qator amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Jumladan, vazirlik va uning quyi bo‘g‘inlaridagi vakant ish o‘rinlariga yuksak ma’naviyatli, yangicha fikrlaydigan, bilimli, tashabbuskor, halol va fidoyi yoshlarni jalb qilish, yangi avlod kadrlari zaxirasini yaratish borasida aniq vazifalar belgilandi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mamlakatimizdagi iqtisodiyot yo‘nalishiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasalari bilan birgalikda moliya organlariga ishga qabul qilish uchun faol yoshlar va talabalardan nomzodlar zaxirasini yaratish borasida ishlarni boshlab yuborgani haqida ma’lumot bergan edik.
Yoshlar ittifoqining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda berilgan e’lonlar asosida moliya organlarida ishlash istagini bildirgan 3 ming 100 dan ziyod yigit-qiz orasidan 490 nafari saralanib, Moliya vazirligiga tavsiya etildi.
Shuningdek, vazirlikning Yetakchilar Kengashiga ham sohada ishlashni maqsad qilgan 90 nafardan ortiq yoshning hujjatlari kelib tushdi.
- Qo'shildi: 08.01.2018
- Ko'rishlar: 14
- Chop etish