“O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” taqdirlash marosimi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” taqdirlash marosimi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi xodimlari, ekspertlar guruhi, OAV xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning 52-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” tashkil etildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasining 2017-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yilning eng faol yoshlarini taqdirlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti nizomi tasdiqlandi.

Mukofot yoshlarga davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim va ijtimoiy soha, san’at, madaniyat, jurnalistika va sport sohasidagi 33 ta nominatsiya bo‘yicha berilib, uning miqdori har bir sovrindor uchun eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida belgilangan.

2017-yil oktabr-noyabr oylari davomida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” to‘g‘risida “Yoshlar” va “Mening yurtim” telekanallarida reklama roliklari hamda gazeta, jurnallar, internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lonlar berildi.

Mukofotga vazirlik, idora va tashkilotlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar tomonidan 33 ta nominatsiya bo‘yicha 700 ga yaqin yoshlar nomzodlari tavsiya etildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida tuzilgan ekspertlar komissiyasi tomonidan nomzodlar hujjatlari o‘rganib chiqilib, 24 ta nominatsiya bo‘yicha 70 nafar yoshlar saralab olindi.

Nomzodlarni saralashda yoshlarning yil davomidagi ish samaradorligi, tizim yoki sohani rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, o‘z sohasiga kiritgan innovatsiyasi, faoliyati orqali davlat va jamiyat hayotiga keltirgan amaliy foydasi, jamoat ishlaridagi faolligi, davlat va xalqaro miqyosda erishgan yutuqlari, shuningdek mehnatsevarligi, fidoyiligi, intizomi va iqtidoriga e’tibor qaratildi.

Har bir nominatsiya bo‘yicha saralangan 3 nafardan nomzodlar rasmi va faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining www.mukofot.yi.uz internet saytiga joylashtirilib, ularga keng jamoatchilik va yoshlar tomonidan ochiq ovoz berilishi tashkil etildi.

“O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” sovrindorlarini taqdirlash marosimi to‘liq tasvirga olinadi hamda 2017 yil 31 dekabr kuni “Yoshlar” va “Mening yurtim” telekanallari orqali efirga uzatiladi.