Poyu piyoda: Qahramon Quronboyev nofaol yoshlarni rag‘bat bilan “jazoladi”
Soat 12:00... Kollej o‘quvchilari qayerda?
Avval xabar berganimizdek, bugun Yoshlar yetakchisi safarbarlik kunlari doirasida namanganlik yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi.
Namangan shahridagi 7-sonli umumta’lim maktabidan piyoda yo‘lga chiqqan Davlat maslahatchisi yo‘l davomida Viloyat Kengashi faoliyati samaradorligini oshirish borasida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Navbatdagi manzilga qadar, namanganlik yoshlarga qanday imkoniyatlar zarurligi haqida o‘z takliflarini berdi.
Xalq bilan hamnafas faoliyat olib borish bugun har bir rahbarning asosiy vazifasidir. Bu borada esa yoshlar yetakchisi o‘z prinsiplariga amal qiladi. Har bir yosh uning ukasi, singlisi, o‘g‘li va qizi. Shu bois, Namangan shahridagi Qurilish va dizayn kollejiga tashrif buyurgan Qahramon Quronboyev bu yerdagi vaziyatga befarq qarolmadi.
Endigina soat millari 12:00 bo‘lganiga qaramay, kollej binosidagi ko‘plab sinfxonalar bo‘m-bo‘sh. O‘quvchi-yoshlar bilan suhbatlashish istagida bo‘lgan Yoshlar yetakchisi ularni uchratish uchun bir nechta o‘quv xonalarini aylanib chiqdi.
Vanihoyat, 101- va 102 – guruh o‘quvchilari bilan suhbat qurishga erishdi
Samimiyat bilan boshlangan suhbat davomida Yoshlar yetakchisi o‘quvchilarning qiziqishlari, kelgusida qaysi kasb egasi bo‘lishlariyu, qanday muammolari borligi bilan yaqindan tanishdi. Ayrim savollar javobsiz qolganida esa yetakchi ularni jazolashga urinmadi.
Aksincha, yoshlarni faollar safiga qo‘shish maqsadida rag‘bat berdi.
Ha, Yoshlar yetakchisi nofaol yoshlarni aynan rag‘bat bilan “jazoladi”. Ushbu kollejning nofaol yoshlaridan 60 nafari afsonaviy Buxoro shahriga sayohatga yuboriladi. Barcha xarajatlarni Yoshlar ittifoqi o‘z zimmasiga oladi.
Ushbu maskanda ham boshlang‘ich tashkilot faoliyati qoniqarsiz deb baholandi. Ammo, unga ham uslubiy ko‘nikmalar berilib, faoliyatini jonlantirish borasida tavsiyalar berildi.
— Biz yosh kadrlarni ishdan olishimiz emas, ularni tarbiyalashimiz kerak. O‘quvchilarni ayblashimiz emas, imkoniyat berishimiz kerak,— dedi Yoshlar yetakchisi.
- Qo'shildi: 23.01.2018
- Ko'rishlar: 18
- Chop etish