Qarshi shahrida “Yoshlar – kelajak bunyodkori!” shiori ostida hunarmandlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi!
Qarshi shahrida “Yoshlar – kelajak bunyodkori!” shiori ostida hunarmandlar, tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbir yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb etish, yosh tadbirkor va hunarmandlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ko‘rgazmada tadbirkorlik, hunarmandchilik yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan yosh ishlab chiqaruvchilar, zardo‘zlar, kashtaвdo'zlar, zargar va mis o‘ymakorlar mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
– Naqqoshlik san’atiga juda qiziqaman, – deydi shahrisabzlik Sodiqjon Qo‘chqorov. – Bugungi ko‘rgazmada ham ijod namunalarim bilan ishtirok etdim. Har xil milliy uslubda yasalgan yog‘och kursilarga naqshlar tushiraman. Kichik qutichalarga miniatyuralar chizaman. Bunday mahsulotlarga sayyohlar juda qiziqadi. Kelajakda bu sohani yanada mukammal o‘rganib, hunarmand usta bo‘lmoqchiman. Hozirda Qarshi san’at kollejining 3-bosqichida tajribali ustozlardan tahsil olyapman.

Yoshlarning mahsulotlariga ko‘rgazma ishtirokchilari yuqori baho berdi. Ishbilarmon yigit-qizlar faol ishtiroki uchun tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
- Qo'shildi: 02.06.2018
- Ko'rishlar: 25
- Chop etish