Qashqadaryo viloyat Kengashi yangi tashabbus bilan chiqdi

Endilikda haftaning ikki kunida yosh hunarmandlar yig‘ilib, o‘zaro tajriba almashadi!

Kuni-kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan “Yoshlar – kelajak bunyodkori!” shiori ostida Qarshi shahrida joylashgan “ATLAS” savdo majmuasida viloyatdagi yosh hunarmandlarning savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada popurchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, zargarlik, kulolchilik, gilamdo‘zlik, milliy hamda zamonaviy uslubda yaratilgan liboslar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, shuningdek, turli suvenirlar namoyish qilindi.

— Ushbu milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasini tashkil etishdan asosiy maqsad, — deydi Ittifoqning viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari S.Jo‘rayev. – Unutilayozgan qadimiy hunarlarni qayta tiklash va xalq ustalari mehnatlarini yuzaga chiqarish, ularni asrab qolish, targ‘ib etish, “Usta-shogird” maktablari asosida yoshlarga hunar o‘rgatish, milliy madaniyatimiz va amaliy san’atimizni targ‘ib etishdan iborat. Fikrimcha, bu loyiha yoshlar tomonidan munosib kutib olindi.

— Ko‘rgazmada 20 xildan ortiq adras va shuncha xildagi a’lo baxmal matolarini namoyish etdik, — deydi shahrisabzlik yakka tartibdagi tadbirkor Mahliyo Mannonova. — Ayniqsa, milliy uslubda tikilgan chopon, nimcha, tabiiy ipak matosidan tayyorlangan sharflar, oyoq kiyimlar hamda sumkalar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Qo‘l mehnati bilan yasalgan 50 dan ortiq sharqona zeb-ziynatlar, zargarlik buyumlari yoshu qarini o‘ziga jalb etdi.

Ta’kidlash joizki, shunday ko‘rgazma endilikda har hafta shanba va yakshanba kunlari tashkil etiladi. Unda hunarmandchilik mahsulotlari xarid qilish imkoni ham yaratilgan. Eng muhimi, yoshlar o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ladi.