Rais o‘rinbosari 1011 nafar o‘quvchini to‘liq birlashtirgan kogonlik Yoshlar yetakchisi faoliyatini ommalashtirmoqchi
Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Markaziy Kengash raisi o‘rinbosarlari respublikaning eng quyi bo‘g‘inlariga tushib, joylardagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan hududiy va mahalliy kengashlarga amaliy ko‘mak bermoqda.
Jumladan, Buxoro viloyatiga tashrif buyurgan ishchi guruh a’zolari faoliyati ham davom etmoqda. Barcha tuman va shahardagi ta’lim muassasalari faoliyati o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Qaysidir hududda Boshlang‘ich tashkilot faoliyatiga oid muammolar aniqlanib, o‘z joyida bartaraf etilayotgan bo‘lsa, yana qaysidir hududda Yoshlar yetakchisiga, o‘quvchilarga yaratib berilgan qulay shart-sharoit uchun maktab ma’muriyatiga tashakkur bildirilmoqda.
Xuddi shunday muassasalardan biri - 1011 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan Kogon shahridagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabidir.
Maktabga kirgan kishida iliq taassurot uyg‘onadi. Pedagog xodimlarning o‘zaro do‘stona munosabatlari, o‘quvchilarning bilimga tirishqoqligiyu, tashabbuskorligi, ta’lim muassasasida o‘qituvchi va o‘quvchi orasida yaratilgan samimiy munosabatni sezish qiyin emas.
E’tiborli jihati shundaki, maktabda Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Yoshlar bilan ishlash uchun imkoniyatlar mavjud. Shinamgina xona, zamonaviy kompyuter jamlanmasi, texnik qurilmalar, jihozlarning bari maktab direktorining yoshlar masalasini birinchi o‘ringa qo‘yishidan dalolatdir.
-Yoshlar bizning kelajagimiz, - deydi maktab direktori Bahodir Xalimov. - Maktab o‘quvchilarining bari farzandim. Ota-ona esa farzandiga faqat yaxshilikni, yaxshi, go‘zal narsalarni ilinadi. Shu sababli. ham maktabimizda Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilot faoliyatiga alohida e’tibor qarataman. Yoshlar yetakchisi qanchalik zukko, bilimdon, tashabbuskor bo‘lsa, o‘quvchilar ham uning ortidan ergashib, lider bo‘lishga intiladi. Yoshlar yetakchisining faoliyatidan birgina men emas, barcha o‘qituvchilar, o‘quvchilarimiz mamnun. Sababi, Shaxlo To‘xtayeva tinib-tinchimaydi. Ustiga-ustak, Sardorlari ham o‘zidek faol, tashabbuskor. Salgina o‘zlashtirishi pastroq yoki sho‘xroq bolalarni ham o‘z saflariga qo‘shib, har xil loyihalar o‘tkazishadi. Bu esa maktabimiz o‘quvchilarini huquqbuzarliklarning har qanday ko‘rinishidan himoya qiladi. Chunki, tashabbuskor o‘quvchilarimizni umuman bo‘sh vaqti yo‘q.
Haqiqatdan ham, maktab o‘quvchilari orasida Yoshlar ittifoqi faoliyati namunali darajada yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’lim muassasasiga tashrif buyurgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Murod Zufarov, viloyat Kengashi raisi Zarif Komilovlar ham Yoshlar yetakchisi bilan suhbatda bo‘lib, uning yoshlar uchun jonkuyar yetakchi ekanligiga guvoh bo‘lishdi.
Faoliyatni yanada takomillashtirish uchun kerakli tavsiyalar berildi.
- Qo'shildi: 08.01.2018
- Ko'rishlar: 19
- Chop etish