Safarbarlik kunlari: Yoshlar yetakchisi Andijon viloyatining bir qator tumanlarida bo‘lib, faoliyatni tanqidiy-tahliliy o‘rganmoqda...

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 17-21 yanvar kunlari Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va jonlantirish safarbarligi kunlari deb belgilandi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev Andijonning Jalaquduq, Oltinko‘l, Xo‘jaobod hamda Shahrixon tuman Kengashlarida bo‘ldi.

Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini o‘rganish bilan birga Yetakchilar, Sardorlar, faol yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi.

Muloqotlar davomida yoshlarning taklif va istaklaridan kelib chiqib, ularning ta’lim olish sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha amaliy ko‘mak berdi.

Jumladan, Xo‘jaobod tuman Kengashiga Sardorlarning istaklariga binoan, 3 kun muddat ichida kompyuter jamlanmasi, uyali aloqa vositasi(planshet) va “Yoshlar ko‘chma kutubxonasi”ni tashkil etishlari uchun 200 dona badiiy kitob yetkazib beriladigan bo‘ldi.

Tuman Kengashi qoshidagi “Salomatlik va ekologiya” markazi uchun ajratilgan xonaning pol qismini ta’mirlash kabi vazifalar yuzasidan viloyat Kengashi raisi N.Yusupovga ko‘rsatma berildi.

Xo‘jaobod tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan tashkil etilgan 4 ta sektor rahbarlariga Yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda ish tashkil etish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar bo‘yicha toprishiqlar berildi.