Samarqandda yosh fermerlar uchun mahorat darslari o‘tkazildi

 

Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida fermerlik faoliyatini keng targ‘ib qilish va rivojlantirishda, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni fermerlik harakatiga keng jalb etish, yosh fermerlarni ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi, O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi Samarqand viloyat hududiy bo‘limi bilan hamkorlikda bugun Samarqand tumanidagi “A’ZAM AZAMAT AGRO” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida yosh fermerlar uchun mahorat darsi hamda fermer xo‘jaligiga sayohat tashkil etildi.

 Tadbirni kirish so‘zi bilan Samarqand tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari  – X.O‘roqov ochib berdi. Viloyatimizdagi yosh fermerlar hamda fermer bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlarga  bugungi tadbirning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida tushuntirish berib o‘tdi.

Tadbirda tumandagi “A’ZAM AZAMAT AGRO” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi raisi – Axmad Sultonov fermer xo‘jaligi tashkil topishidan  hozirgi kungacha bo‘lgan davr mobaynidagi qilingan ishlar, erishilgan yutuq va kamchiliklar haqida yosh fermerlarga amaliy ko‘nikmalar berdi.

- Men bir necha yildan beri asalarichilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman. Bugungi kunga kelib, faoliyatimni kengaytirish niyatida edim. Ushbu tavsiyanoma asosida endilikda 100 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit olish imkoniga egaman, - deydi Alijon Yunusov.

Tadbir davomida yosh fermerlar uchun dastur asosida fermer xo‘jalikda  tashkil etilgan uzumchilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik hamda chorvachilik bo‘yicha sayohat uyushtirildi. Yakunda viloyatimizdagi yosh fermerlarga fermer xo‘jaligini rivojlantirishda imtiyozli kredit olishlari uchun yoshlar ittifoqining tavsiyanomalari berildi.
Rizq-ro‘zimiz bunyodkori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi xodimlari mehnatini ulug‘lash, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish  maqsadida tashkil etilgan ushbu mahorat darsida hozirda viloyat bo‘yicha faoliyat olib borayotgan yosh fermerlardan 21 nafari ishtirok etishdi.