“Sen ham faol yoshlar safidasan!” loyihasi: Sirdaryoda 150 nafar vaqtincha ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi!

Sirdaryo viloyatida diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda diniy ekstremizm, terrorizm va noqonuniy migratsiyani olish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi bilan hamkorlikda “Sen ham faol yoshlar safidasan!” loyihasi doirasida “Yoshlar bandligini ta’minlash — eng muhim vazifamiz” shiori ostida yoshlar Forumi hamda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Forumda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari, viloyat hokimligi, Bandlik bosh boshqarmasi,Markaziy bank boshqarmasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, deputatlar, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari, uyushmagan yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur forumni yanada samarali tashkil qilish va mehnat yarmarkasida barcha uyushmagan hamda vaqtincha mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarni keng jalb qilish maqsadida Yoshlar ittifoqining faol a’zolaridan iborat targ‘ibot guruhi ikki kun davomida Guliston shahrining mahallalaridagi xonadonlarga tashrif buyurib, yoshlarga targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib bordi, ularning ro‘yxati shakllantirildi.

Loyiha uyushmagan yoshlarning muammolarini bevosita muloqot vositasida aniqlash va birgalikda yechim izlash, noqonuniy tarzda xorijda ishlab yurgan yoshlarni qaytarish, turli diniy oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish, ish bilan ta’minlash, o‘qishiga ko‘maklashish yuzasidan chora-tadbirlar belgilashda yaxshi samara bermoqda.

Mehnat yarmarkasida shahardagi jami 20 yaqin tadbirkorlik subyektlari o‘zlarining 350 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bilan, jumladan, “BEST FASHION” MCHJ CHK 96 ta, “MIRZAOBOD UNIVERSAL TRADE CLASTER” XK 50 ta, “MILI GULISTON TEXTILE” MCHJ 50 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Forum doirasida shahardagi jami 150 nafar uyushmagan yoshlar hamda kasb-hunar kolleji bitiruvchilariga ishga joylashishi uchun yo‘llanma berildi va ularning bandligi ta’minlandi.

Yakunda tadbirkorlik subyektlariga ishga qabul qilingan yoshlar, Yoshlar ittifoqi faollari shahardagi “Wellfort” MCHJga tashrif buyurib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.