Surxondaryolik yoshlar uchun imkoniyatlar kuni
"Yoshlar – kelajagimiz" Davlat dasturi doirasida yoshlar uchun yangicha imkoniyatlar yaratila boshlandi. Unga ko'ra, yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularga har tomonlama ko‘mak berish uchun barcha tashkilot rahbarlari birdek mas’ul etib belgilandi. Joylarda ishlar ham shunga yarasha avj pallaga kirgan.
Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida ushbu Davlat dasturi doirasida o‘tkazilgan “Bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi” bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, bandlik bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etilgan o‘ziga xos mehnat yarmarkasida viloyatning barcha shahar, tumanlaridagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlarining 6000 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etishdi.

Yarmarkaning ochilish marosimida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari T.Bobolov, viloyat prokurori O‘.Saidov hamda yosh tadbirkor O.Saparov so‘zga chiqib, yoshlar siyosati borasidagi islohotlar, bugungi mehnat yarmarkasi, mazkur Davlat dasturi haqida ma’lumot berishdi. Eng ustuvor vazifalardan biri - yoshlar bandligini ta’minlash masalasi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Bugungi kunda ishli bo‘lishning eng maqbul yo‘llaridan biri – tadbirkor bo‘lish. Ham ishli bo‘lasiz, ham bo‘sh ish o‘rni yaratasiz. Xalqqa ham foydangiz tegadi. Surxondaryodagi mehnat yarmarkasida ham bu jihatlar alohida e’tiborga olindi.

Yarmarkada 1410 nafar fuqarolar ishtirok etishdi.
Ularning 879 nafarini yoshlar tashkil etadi. Shulardan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida 594 nafar yoshlar o‘z ish o‘rniga ega bo‘lishdi.

Endi yoshlar yangi ish faoliyatida qattiq mehnat, tinimsiz harakat va sadoqat bilan o‘z vazifasini bajarishga kirishishadi.
- Qo'shildi: 01.08.2018
- Ko'rishlar: 43
- Chop etish