“Taqdirning menga atalgan bu sinovini hech kimga ravo ko'rmayman”

“Taqdirning menga atalgan bu sinovini hech kimga ravo ko'rmayman. Yoshlar tashkilotini qo‘llayotgan Prezidentimizdan minnatdorman”

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Pespublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi-Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyaning Rossiya Federatsiyasiga qilgan safari o‘zbekistonlik yosh mehnat migrantlari faoliyatida ijobiy siljishlarga sabab bo‘lgandi.

Safar jarayonlarini bevosita ijtimoiy tarmoqlarda kuzatgan Farg‘onalik Ixtiyor Kamronov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) yoshlar tashkilotiga katta umid va ishonch bilan murojaat qildi. U ijtimoiy tarmoq orqali Xalqaro bo‘lim vakiliga hayotidagi kutilmagan, baxtsiz tasodif haqida yozadi.

Ya’ni, Tomsk shahriga quruvchilik ishlarini amalga oshirish uchun kelgan vatandoshimiz ish jarayonida ustiga qurilish krani tushib ketishi oqibatida jiddiy shikastlanadi. Unga qorin bo‘shlig‘i shikastlanishi, umumiy yallig‘lanish gematomasi, buyrakning o‘mag‘ayib ketishi, sakrum lateral massasi sinishi, o‘ng qorinchaning yopiq singanligi, og‘ir darajadagi postgemoragik anemiya, 3-bosqich shikast shoki diagnozi qo‘yiladi.

Tomskda dastlabki yordam beriladi. Biroq, begona yurtda shiftga termulib o‘tkazilgan kunlar asrlarga tatiydi. Yigit yaqinlari va vataniga talpinadi. Dard esa o‘z so‘zini aytib, uni battarroq to‘shakka mixlab boradi.

Oilaning yagona boquvchisi sifatida nogiron bo‘lib, begona yurtlarda qolib ketishdan qo‘rqqan yigit yoshlar tashkilotidan yordam so‘raydi.

Yoshlar yetakchisi Qahramon Quronboyev zudlik bilan muammoni hal etishning choralarini ko'radi. 

Kuni-kecha hamyurtimiz Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelindi.

Bu ishni amalga oshirishda Sog‘liqni saqlash vazirligi ham o‘z ko‘magini ayamadi. Bemorni aeroportda tibbiyot xodimlari kutib oldi. Uni zudlik bilan Toshkent shahridagi 16-kasalxonaga joylashtirishdi. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalardan so‘ng, bemorning holati qoniqarli deb baholanmoqda.

Vatanga qaytgan hamyurtimiz bilan bir fursat suhbat qurishga muvaffaq bo‘ldik. 

“Men Yoshlar ittifoqidek tashkilotni qo‘llab-quvvatlayotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan cheksiz minnatdorman. Musofirchilikda hech kim sizdan xabar olmaskan. Begona yurtda qolib ketamanmi, degan xayol menga tinchlik bermasdi. Juda tushkun vaziyat... Buni hech kimga ravo ko‘rmayman. Tushga o‘xshaydi. Yana bir bor sizlarga, Prezidentimizga rahmat. O‘zbekiston yoshlari xoh xorijda bo‘lsin, xoh yurtida davlat rahbarining himoyasida ekanligiga yana bir bor ishondim. Bu yaxshilikni men umrim so‘nggiga qadar har soniya ta’kidlashdan charchamayman.