“Temur tuzuklari”ni o‘rganish bo‘yicha endilikda alohida tanlov o‘tkaziladi
Ushbu tanlov O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi, Janubiy-G‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi bilan hamkorlikda viloyatdagi 8 ta harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askar-yoshlar o‘rtasida o‘tkazildi.
Tanlov “Temur tuzuklari”ni o‘rganishni ommalashtirish, asarda keltirilgan fikrlar asosida yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, eng yorqin misollar bilan aks ettirilgan tariximiz, o‘tmish saboqlari borasidagi bilimlarini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tanlov ishtirokchilari Sohibqiron bobomizning hayoti va amalga oshirgan ishlari hamda “Temur tuzuklari” asaridan test sinovlari, savol-javob va “Eng yaxshi taqdimot” kabi shartlar bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
- Sohibqiron bobomiz bizga meros qilib qoldirgan “Temur tuzuklari”ni o‘qisam, xuddiki o‘zimga qandaydir katta ruhiy kuch-quvvat topgandek bo‘laman, - deydi tanlov g‘oliblaridan biri oddiy askar Tojiyor Yusufaliyev. – Bugungi murakkab va tahlikali davrda bu kitobni qayta-qayta mutolaa qilish, uning mag‘zini chaqish birinchi galda Vatanini himoya qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan alp yigitlar uchun bag‘oyat foydali ekani haqida ortiqcha gapirib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni 08579-sonli harbiy qism oddiy askari Tojiyor Yusufaliyev, 2-o‘rinni 08579-sonli harbiy qism oddiy askari Yusuf Abduvohidov, 3-o‘rinni 53943-sonli harbiy qism oddiy askari Elboy Sulaymonovlar egallashdi.
Shuningdek, 9205 va 7533-sonli harbiy qismlar hamda Qarshi serjantlar tayyorlash maktabi askar-yoshlari ham tanlovda faol ishtirok etgani uchun Tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
- Qo'shildi: 15.01.2018
- Ko'rishlar: 14
- Chop etish