Terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan konferensiya Samarqandda ham o'tkazildi

 

Bugun Samarqand shahrida “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada mavzuga oid masalalar muhokama qilindi. Shundan so‘ng, Registon maydonidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida 50 nafardan ziyod yosh va BMT Bosh kotibining yoshlar ishlari bo‘yicha vakili – Jayatma Vikramanayake ishtirokida uchrashuv bo‘ldi.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga BMT vakilidan misollar asosida aniq javoblar olishdi. Shuningdek, yoshlarning fikrlashi va dunyoqarashini bilish maqsadida Jayatma ham yoshlarga bir necha munozarali savollar berdi.
BMT vakilining “Nega siz bilan bir havodan nafas oluvchi yoshlar terrorizm quliga aylanib qolmoqda?” degan savoli anchagina bahs-munozaraga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, faol yoshlar ekoturizmni rivojlantirish, chet ellik yoshlar bilan tajriba almashish dasturlarini ishlab chiqish uchun taklif bildirildi.
– Men yosh bo‘lishiga qaramay, bu darajada muvaffaqiyatga erishgan Janatma Vikramanayankaga havas qildim. U bilan gaplashar ekansiz, bularning barida tinimsiz izlanish va mehnat natijasi ekanini bilish mumkin, –deydi tadbir ishtirokchisi Marg‘uba Ahatova.

Tadbir davomida yoshlarga terrorizmga qarshi kurashda yetakchi bo‘lishlari, yot ta’sirlarga aldanib qolmasliklari uchun ko‘proq ilm egallashlari va daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashlari kerakligi tushuntirildi.