Tojikiston delegatsiyasi Samarqandda...

O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda boshchiligidagi do‘stlik delegatsiyasi Samarqand shahriga keldi.

Delegatsiya a’zolari dastlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbara majmuasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilinib, buyuk davlat va siyosat arbobi qabriga gullar qo‘yildi.

Mehmonlar mazkur majmua O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati va xalqining Islom Karimov xotirasiga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtiromi ramzi sifatida Samarqandning qutlug‘ qadamjolaridan biriga aylanganini ta’kidladi.

Viloyatimizdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, ziyoratchilarga yaratilgan qulay shart-sharoit ularda katta taassurot qoldirdi.

Tojikistonlik mehmonlar Samarqand shahridagi Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali poyiga gular qo‘ydi. Ikki buyuk mutafakkir o‘z ijodi orqali o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga hissa qo‘shgani, ularning ijodiy merosi bugun ham ayni maqsadga xizmat qilayotgani aytildi.

Mehmonlar "Registon" ansambli va u yerdagi milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda “Beshqarsak” va “Chavqi” etnografik xalq folklor ansambllarining chiqishlarini hayajon bilan kuzatdilar.

Viloyat hokimligida deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli shoir va yozuvchilar, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyandalarining Tojikiston do‘stlik delegatsiyasi bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O.Nazarbekov, viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Sh.Orumbekzoda O‘zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarining oqilona siyosati inatijasida xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanib borayotganini ta’kidladilar.

Mazkur tashrif ham ana shu hamkorlikning natijasi sifatida madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda ijodkorlar tomonidan o‘zbek va tojik tillarida she’rlar o‘qildi, ezgu tilaklar bildirildi.

Tojikiston delegatsiyasi ishtirokida yana bir qator madaniy tadbirlar, uchrashuvlar uyushtirildi.