Tomorqa – daromad manbayi

 

Yurtimizda so‘nggi yillarda barcha sohalar singari qishloq xo‘jaligi sohasi ham jadallik bilan rivojlanmoqda.

Tomorqa egalari, ayniqsa, yoshlarning tomorqadan foydalanish madaniyatini yanada oshirish, tomorqadan maksimal daromad olishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi hamda Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan nashr ettirilgan “Tomorqa – daromad manbayi” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ushbu kitob qishloq xo‘jaligining barcha sohalarida, shuningdek, uy sharoitida bog‘dorchilik, dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik kabi ko‘plab sohalarda ma’lumot beradigan qo‘llanma sifatida chop etilgan bo‘lib, unda 70 xildan ortiq o‘simlik, 20 xildan ortiq xonaki hayvonlarni parvarishlash bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar berilgan.

– Ushbu qo‘llanma tomorqa-yer egalari uchun O‘zbekiston sharoitida qishloq xo‘jaligi sohasida yetishtiriladigan mahsulotlar va chorva hayvonlarini parvarishlash, ularning har bir hududda rivojlanish tendensiyalari aniq va tushunarli holda ifodalangan eng ishonchli va muhim manba hisoblanadi. Biz ushbu kitob orqali ichki bozorlarimizga sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda aholi, ayniqsa, yosh oilalarning daromadlarini yanada oshirishlariga ko‘maklashishni rejalashtirdik, – deydi O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi raisi Soatmurod Qulmirzayev.

Shu kuni Toshkent viloyati Qibray tumani Farovon mahallasidagi yoshlarga ushbu kitobning ilk nusxalari sovg‘a tariqasida taqdim etildi.

Kitob O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi tomonidan 20 000 nusxada chop etilib, tomorqadan foydalanadigan yoshlar uchun bepul tarqatilishi rejalashtirilgan.