Turkmaniston prezidenti O'zbekistonda: Ushbu tashrif haqida yoshlar qanday fikrda?
Tinch-totuv elning eshigi har kuni taqillaydi!
Behzod Nematov, Buxoro politexnika kasb-hunar kolleji o'quvchisi
— O'zbekiston-Turkmaniston davlatlari o'rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotgani biz uchun juda quvonarli hol. Ommaviy axborot vositalari orqali Turkmaniston delegatsiyasining tantanali kutib olinganini ko'rib, eshitib bordim. Qaniydi, men ham ishtirok etsam-u, o'z ko'zim bilan jarayonlarni ko'rsam, degan fikr xayolimdan o'tdi. Muhtaram mehmonni kutib olgan tengdoshlarimga havasim keldi. Hamkorlik ikki davlat yoshlari uchun ham samarali bo'lishiga ishonaman.
Abdujalil Abduraimov O'zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyati Kengashi xodimi

— Turkmaniston Respublikasi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O’zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi biz yoshlar uchun juda ham muhim! Bir-biriga qardosh bo’lgan ikki davlat tinchlik va xavfsizlik masalalaridan tashqari, mamlakatlarimiz uchun muhim global masalalar – barqaror taraqqiyot, energetika xavfsizligi, xalqaro transport-tranzit aloqalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga birgalikda e’tibor qaratmoqda. Transport sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. O‘zbekiston va Turkmanistonning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida izchil hamkorlik qilinmoqda. Biz, yoshlar ushbu tashrifdan nihoyatda xursand bo'ldik!
Jamshid Allayev, Buxoro davlat universiteti talabasi

Shu kunlarda muhtaram yurtboshimizning hali u davlat, hali bu mamlakatda bo'lib, ular bilan hamrkorlik munosabatlarini o'rnatayotganliklarini eshitish yangilik bo'lmay qoldi. Lekin bugungi yangilik shov-shuvga sabab bo'ldi. Turkmaniston davlati bilan do'stlik rishtalari o'rnatildi. Avvallari ham bu mamlakat bilan munosabatlarimiz yomon bo'lmagan. Lekin do'stlik — bu boshqa masala. O'zbek yoshlarining qardosh xalq vakillarini bu qadar katta tantana bilan kutib olganlari esa munosabatlarimiz debochasining iliq bo'lishiga xizmat qildi. Ayniqsa, O'zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Turkmaniston yoshlar tashkiloti o'rtasida imzolangan shartnoma ham o'zbek va turkman yoshlari faoliyatida tub burilish yasaydi, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Zarnigor Nafiddinova, jurnalist
— O'zbekiston-Turkmaniston davlatlari o'rtasidagi do'stlik, hamkorlik munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Berdimuhammedovning O‘zbekistonga tashrifi asnosida Qo‘shma bayonot imzolandi. Shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo uylari ochish, ishbilarmonlar kengashi tashkil etish bo‘yicha, yana transport, tranzit, qishloq xo‘jaligi, fan-texnika, kasaba uyushmalari, sport va boshqa sohalarga doir 17ta hujjat imzolandi. Bu kabi shov-shuvli xabarlarni kuzatib borishga ulgurmayapman. Ochig'ini aytsam, bu tashrif, boshqa davlat tashriflaridan samimiyligi, do'stlik rishtalariga asoslangani bilan alohida ajralib turadi. Tengdoshlarimning davlat rahbarlarini kutib olishgani meni quvontirdi.
Mahbuba Ahmedova, radioboshlovchi
—Tinch-totuv elning eshigi har kuni taqillaydi. Munosiblarga hamisha eshiklarimiz ochiq! O'zbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakati. "Baxtiyorlar o'lkasi" deya nom qozongan diyorimiz bilan yo'llari tutash, orzu va istaklari mushtarak, oliy maqsadlarda hamqadam bo'lgan davlatlar borki, ularni hamisha ochiq yuz bilan kutib olamiz! Biroq bu galgi tashrif hammasidan ham ajoyib bo'ldi! Oynai jahon orqali O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovni Xorazm viloyati Urganch xalqaro aeroportida katta ehtirom bilan kutib olganligini ko'rib mehmondo'stligimizdan juda faxrlandik. Minglab Xorazmlik tengdoshlarimiz va yurtdoshlarimiz ikki davlatning zabardast suyanchiqlarini olqishlar bilan yo'llariga peshvoz chiqdilar. Bu, biz vodiylik yoshlarga ham katta kuch bag'ishlab, islohotlarga xayrixohlik tuyg'usini shakllantirdi!
- Qo'shildi: 08.05.2018
- Ko'rishlar: 19
- Chop etish