Xalq dardiga darmon bo‘lay deb...

 

 “Yoshlar - kelajagimiz” dasturi doirasida Chilonzor tumanida yashovchi yoshlarning muammolarini o‘rganish natijasida ancha yillardan buyon yechilmay kelayotgan muammolar bugun hal qilish uchun tegishli tashkilotlarga yetkazilyapti. Ishchi guruh nazoratidan birorta xonadon yoki birorta yosh chetda qolayotgani yo‘q. Har bir yoshga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, ularning fikrlari, murojaatlari qoniqarli darajada o‘rganib chiqilyapti.

Katta Qatortol ko‘chasida yashovchi Aripov Bositxon ham ishchi guruh a’zolariga o‘zining iltimosini bildirdi. U 1995 yilda tug‘ilgan. 1-guruh nogironi. Lekin hanuz uning nogironlik aravachasi yo‘q. Ko‘chalarga chiqib, sayr qilishi, ijtimoiy muhitga aralashishi, ko‘ngil yozishi uchun Bositxonga, albatta,bitta aravacha juda zarur.Uning ehtiyojini qondirish uchun ishchi guruh a’zolari ushbu iltimosnomani zudlik bilan o‘rganib chiqadigan bo‘ldi.

Hovlisiga qadam qo‘yganlarga ko‘zida yosh bilan peshvoz chiqqan onaxon, Sharipova Saidaning,dardi ham ahamiyatga molik. Onaxon ishchi guruhga uy-joy ajratish bo‘yicha murojaat qildi. Chunki ularning bitta kichkina hovlisida 28 nafar odam yashaydi. Bitta xona parda bilan to‘silgan. Pardaning u tomonida onaxon uxlasa, narigi tomonida o‘g‘li va kelini yashaydi. Parda devor vazifasini bajaradi.

Onaxonga ishchi guruh a’zolari imtiyozli uylardan berish choralarini ko‘rish harakatini boshladilar.

Xalqning dardini tinglash, ularga darmon bo‘lish, yoshlarga yordam qo‘lini cho‘zish niyati bilan aholining ijtimoiy ahvolini, turmush darajasini o‘rganayotgan mas’ullar navbatdagi xonadonlarning darvozasini taqillatishda davom etishmoqda.

Go‘zal Oxunova