Xalqaro darajadagi hamkorlikka erishildi
Endilikda Tyurengen federal yeri Yoshlar kengashi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qator yo‘nalishlarda tajriba almashadi.
Yoshlar ittifoqi delegatsiyaning Germaniyaga safari davom etmoqda.
Kuni-kecha delegatsiya Erfurt shahrida Tyurengen federal yeri Yoshlar kengashi raisi Beyorn Urig (Bjoern Uhrig) hamda Germaniyaning KIKA (Kinderkanal) Bolalar telekanali direktori Astrid Plenk (Astrid Plenk) bilan uchrashdi.
Tyurengen federal yeri Yoshlar kengashi nodavlat tashkiloti hisoblanib, uning ikki tarmog‘i mavjud: Fuqarolik yoshlar harakati va Ishchi yoshlar harakati. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifasi bo‘lgan Kengash turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan 22 ta uyushma va 97 ta sho‘bani birlashtirgan. 305 mingdan ortiq 6 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlarni qamrab olgan Kengash ular faoliyatini muvofiqlashtirib boradi, yangi yo‘nalishlarda loyihalarni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Tizimda 40 mingdan ziyod yetakchi ko‘ngilli bo‘lib ishlaydi va Kengash ularning bilim va malakalarini oshirish, mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida 36 soatlik maxsus kurslar tashkil qilgan.
Yetakchilar maxsus “Qo‘llanma-yo‘l” xaritasi asosida ishlaydi.
Beyorn Urig (Bjoern Uhrig) bilan uchrashuv Germaniya federal yerlarida yoshlar bilan ishlashning amaliy jihatlarini qiyosiy o‘rganish imkonini berdi.
Germaniyada yoshlar uyushmalari faoliyatini davlat tomonidan moliyaviy ta’minlash masalasi qonun bilan kafolatlangan.
Siyosatga qiziquvchi faol yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beriladi. Kengash a’zo tashkilotlarning maqsadi, g‘oyalari va faoliyati samaralarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida internet, ijtimoiy tarmoqlar, mahalliy OAV imkoniyatlaridan keng foydalanadi, shuningdek, buklet va broshyuralar chiqaradi.
Kengashga a’zo ba’zi tashkilotlar o‘z nashrlariga ham ega bo‘lib, ular ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi va bepul tarqatiladi.
Tyurengen federal yeri Yoshlar kengashi raisi Beyorn Urig O‘zbekiston bilan yoshlar masalalarida o‘zaro doimiy tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘z navbatida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati ham mezbonlarda katta taassurot qoldirdi.
Kelgusida o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishildi.
- Qo'shildi: 19.01.2018
- Ko'rishlar: 24
- Chop etish