Xalqaro konferensiya: Islohotlar xalq manfaatiga xizmat qilmoqda!

Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Unda kasaba uyushmalari sohasidagi xalqaro tashkilotlar mutasaddilari, 30 dan ortiq davlatlarning olim va ekspertlari, yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xorijiy vakolatxonalar rahbarlari, kasaba uyushmasi sohasi mutaxassislari, huquqshunoslar, olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Q.Rafiqov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyev va boshqalar mamlakatimizda odamlar manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz hayotini yanada farovon etish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yurtdoshlarimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga izchil joriy etilayotgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida davlat qurilishini va sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va rivojlantirish, millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash bilan birga ijtimoiy sohani izchil ravnaq toptirishga ustuvor masala sifatida yondashilmoqda.

Ayni jihatlar milliy qonunchiligimizning muttasil takomillashib borayotganida, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, aholining ehtiyojmand qatlamlarini kuchli ijtimoiy muhofazalash, ko‘rsatilayotgan ko‘makning aniq, manzilli, shaffof, samarali bo‘lishini ta’minlashga doir ishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida har bir fuqaroning taklif va murojaatini o‘rganish bilan bog‘liq amaliy ishlar dolzarb masalalarga o‘z vaqtida yechim topish imkonini beryapti.

Xalqaro konferensiya doirasida xorijlik ekspertlar yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, sog‘liqni saqlash sohasidagi ishlar, ta’lim, ijtimoiy infratuzilma, arzon uy-joylar, ish joylaridagi mehnat sharoitlari, davlat organlari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar hamkorligi to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lish maqsadida Toshkent va Samarqand viloyatlariga tashrif buyurdilar.

Ijtimoiy obyektlarda fuqarolar uchun mavjud imtiyoz va imkoniyatlar, mehnat joylarida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, davlat organlari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligi natijasida xodimlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.Akmalov ishtirok etdi.