"Xo'jako'rsin"ga qilingan ish – behuda qilingan tashvish
Xalqimizda “Yerni boqsang, yer seni boqadi”, – degan naql bejiz aytilmagan. Yer haqiqiy egasiga topshirilsagina u yerning tilini tushunib, undan qanday foydalanishni ham biladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida nomiga yoki ko‘zbo‘yamachilik bilan ish yuritish na dehqonga, na davlatga foyda keltiradi!
Bugungi kunda yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada O‘zbekiston yoshlar ittifoqining qator loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, “Har bir fermerga bitta yosh” loyihasi doirasida hududlardagi har bir fermer xo‘jaligiga bitta yoshni biriktirib, unga g‘alladan bo‘shagan yer maydonidan bir gektar berish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Respublikamizning barcha hududlarida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha tashkil etilgan shtablarda tuman kesimida fermer xo‘jaligi rahbarlari tomonidan yoshlarga ajratilgan yer maydonlari to‘g‘risida ma’lumotlar qabul qilinmoqda.
Xo‘sh, hozirda yerga ega bo‘lgan yoshlarimiz amalda ham bu yerdan foydalana olishyaptimi?!
Tahlillarga nazar soladigan bo‘lsak, bugungi kunda mamlakatimizda 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlat dasturi asosida 10 931 nafar ishsiz yoshlarga 1 gektardan yer maydonlari ajratib berilgan xolos. Bu raqamlarni viloyatlar kesimida olsak, Farg‘ona viloyati 3771 nafar, Andijon viloyati 1371 nafar, Xorazm viloyati 850 nafar, Surxondaryoviloyati 849 nafar, Sirdaryo viloyati 800 nafar yoshlarga yer maydoni ajratilib, dastlabki hisob ko‘rsatkichlarga nisbatan yuqori natijaga erishilgan.
Ammo, shuncha yaratib berilgan imkoniyatlar va qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning ijrosi ayrim hududlarda nomigagina amalga oshirilayotganligi bu borada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarga soya solmoqda.
Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasida atiga 12 nafar, Navoiy viloyati 72 nafar yoshlarga yer ajratilgan xolos. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Ushbu viloyatlarda band bo‘lmagan yoshlar yo‘qmi? Yoxud bu yerlarda takroriy ekin umuman ekilmaydimi? Raqamlarni solishtiradigan bo‘lsak, bir-biriga yaqin viloyatlardagi ko‘rsatkichlar bir-biridan juda katta farq qiladi. Masalan, Qoraqalpog‘iston-Xorazm, Navoiy-Samarqand.
Qolgan viloyatlardan kelgan hisobotlarda esa, “Viloyatdagi har bir fermer tomonidan yoshlarga 1 gektardan yer ajratildi, yoshlarning bandligi ta’minlandi”, – deb bong urishmoqda!
Joriy yilning 4-iyul kuni Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham “Har bir fermerga bitta yosh” loyihasiga to‘xtalib o‘tgan edi. Aynan shuning uchun loyihani amalga oshirish bo‘yicha biriktirilgan ma’sullarni ayniqsa, viloyat, tuman hokimlari, Yoshlar ittifoqi hududiy bo‘lim rahbarlari hamda Fermer, dehqon, tomorqa yer egalari Kengashlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yoshlarga sug‘orish uchun qulay, unumdorligi yaxshi bo‘lgan yerlarni ajratish lozimligi belgilangan.
Vaholanki, ayrim viloyatlarga borib o‘rganilganda, Yoshlar ittifoqi hududiy bo‘lim rahbarlari, joylardagi hokim o‘rinbosarlari tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi va o‘zaro hamkorlikda ishlamaganligi oqibatida takroriy ekin davri o‘tib ketib, dala maydonlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilmasdan qolmoqda. Eng achinarlisi, ko‘pchilik yoshlarimiz berilgan yerlar sug‘orish uchun ancha noqulayligi va hosildorligi juda ham past bo‘lgan maydonlar ajratilganligi sababli bu yerlardan umuman foydalanmayapti.
Reja va dasturlarni amalga oshirish uchun bugun bizda bilim va tajriba yetarli. Buning uchun esa ishni to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish lozim. Bugungi vaziyat barchamizdan tashabbus va fidoiylik bilan mehnat qilishni talab etmoqda. Zero, yoshlar bilan tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalasidir!.
- Qo'shildi: 14.08.2018
- Ko'rishlar: 35
- Chop etish