Xushxabar: Qashqadaryo viloyat Sardorlar va Yetakchilar Kengashiga “Kobalt” xizmat mashinasi taqdim etildi
Marosimni viloyat hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengash raisi kirish so‘zi bilan ochib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni targ‘ib qilishda “Ittifoq” va “Kamalak” Sardorlari hamda Yetakchilar Kengashi faoliyatini izchil davom ettirish kerakligini ta’kidladi.

Eng quvonarli jihati shundaki, viloyat Kengashi tashabbusi bilan viloyat Sardor va Yetakchilariga yangi rusumdagi “Kobalt” xizmat mashinasining kaliti taqdim etildi.
— Mana shunday rag‘bat va e’tibor sababli chekka hududlardagi tengdoshlarimizning taklif va muammolarini o‘rganish, shuningdek, imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan oila farzandlari holidan xabar olish baxtiga muyassar bo‘lamiz, —deydi viloyat “Kamalak” Sardori Marjona Jo‘raqulova. —Tengdoshlarimizni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishda bor bilim va ko‘nikmalarimizni hayotga tadbiq etishga va’da beramiz.
Shundan so‘ng, yoshlar uchun bayram dasturlari, fotoko‘rgazmalar, kitobxonlik burchagi va iste’dodli “Kamalak” a’zolarining konsert dasturlari namoyish etildi.
Hurmatli Sardor va Yetakchilar! Endi Sizlardan fidoyilik, tashabbus va yetakchilikni kutib qolamiz!
- Qo'shildi: 10.11.2017
- Ko'rishlar: 85
- Chop etish