Yana bir rag‘bat! Yoshlar uchun "Kelajak bunyodkori" medali ta’sis etildi!
O‘zbekiston Respublikasi Senatining navbatdagi, XIII yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Kelajak bunyodkori” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdi.
Ushbu medal yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlar ongida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik tuyg‘usini, milliy o‘zlikni anglashni, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatni va yurt taqdiriga daxldorlikni qaror toptirish maqsadida tashkil etildi.
Qonun bilan “Kelajak bunyodkori” medalining tavsifi va “Kelajak bunyodkori” medali to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom “Kelajak bunyodkori” medali bilan xalq manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan, yuksak vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib kelayotgan, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa ko‘shayotgan, jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, o‘qishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mukofotlanishi tartibini belgilab beradi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
- Qo'shildi: 21.12.2017
- Ko'rishlar: 15
- Chop etish